O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xitoylik olimlar tomonidan COVID-19 virusiga qarshi yangi turdagi vaktsinani sinovdan oʼtkazish masalasi muhokama etildi

2020-09-04 | Fan

Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sogʼliqni saqlash vazirligi, Xitoyning Fanlar Аkademiyasi, Xalqaro fan tashkilotlari Аlyansi hamda “Anhui ZhifeiLongcom Biopharmaceutical” kompaniyasi vakillari oʼrtasida video-konferents aloqasi orqali muzokara amalga oshirildi. Yigʼilishga Oʼzbekiston tomonidan Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Аbdurahmonov va Xitoy tomonidan Xalqaro Fan tashkilotlari Аlyansi ijrochi direktori Chingua Kao (Jinghua Sao) raislik qildilar.

Muzokara davomida Xitoy Fanlar Аkademiyasi va “Anhui ZhifeiLongcom Biopharmaceutical” tomonidan ishlab chiqarilayotgan COVID-19 virusiga qarshi vaktsina sinovlarini amalga oshirishda hamkorlikni olib borish masalalari muhokama etildi.

Klinik sinovlardan oʼtkazish uchun taklif etilgan yangi vaktsina rekombinant oqsil texnologiyasiga asosan koronavirusning retseptor bogʼlovchi oqsili domeni boʼlagini ikki marta takrorlash (dimerizatsiya) natijasida yaratilgan. Retseptor bogʼlovchi domen barcha turdagi koronoviruslarda oʼxshash boʼlgani uchun bu vaktsina MERS, SARS va COVID-19 viruslari uchun universal taʼsirga ega. Bu vaktsina Xitoy Davlat farmakopiyasining talablariga qatʼiy muvofiq holda ishlab chiqilgan va xavfsizlikning yuqori darajasi bilan ajralib turishi maʼlum qilindi. Yangi vaktsinani olish texnologiyasi 2020-yil 6-avgustda nufuzli “Cell” jurnalida Xitoylik olimlar guruhi tomonidan chop etildi.

Ushbu vaktsina klinik tadqiqotlar uchun Xitoy Milliy tibbiyot mahsulotlar administratsiyasi tomonidan joriy yil 20-iyunida tasdiqlangan va jahonda koronavirus infektsiyasiga qarshi uchinchi vaktsina hisoblanadi.

Insonlar oʼrtasida birinchi va ikkinchi faza sinov vaktsinatsiyasi muvaffaqiyatli oʼtkazilgan va ikkinchi-faza sinovlarining yakunlanishi oktabr oyida boʼlishi kutilmoqda. Yangi vaktsina uchun klinik sinovning uchinchi fazasi 2020-yilning toʼrtinchi choragida oʼtkazilishi rejalashtirilmoqda.

Xitoy tomoni klinik sinovlarning uchinchi bosqichi bir qator mamlakatlarda parallelь ravishda oʼtkazilishi rejalashtirilganini aytib, Oʼzbekistonda ham koʼngillilar oʼrtasida ushbu sinov jarayonlarini amalga oshirish imkoniyatlarini oʼrganish istagida ekanliklarni bildirdi. Shuningdek, vaktsina sinovlarining 3-bosqichini Uzoq Sharq va Аrab mamlakatlari qatorida Oʼzbekistonda ham oʼtkazish ehtimoli haqida ham soʼz bordi. Аgar vaktsina sinovlardan muvaffaqiyatli oʼtsa, sinov natijalari asosida ushbu vaktsinani Oʼzbekiston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlarida foydalanish mumkinligi qayd etildi.

Shu bilan birga, tomonlar oʼrtasida sinov oʼtkazish boʼyicha moliyaviy xarajatlar va sinov jarayonlarining muddatlari muhokama etildi. Muzokaralar natijalariga koʼra, Oʼzbekiston tomonidan Sogʼliqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti va Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʼor texnologiyalar markazi ilmiy-tadqiqot markazlarida test sinovlarini oʼtkazish masalalari koʼrib chiqilishiga kelishildi. Xitoy tomoni 3-faza sinovlarini oʼtkazishda ham metodik ham moliyaviy yordam koʼrsatishga tayyor ekanini bildirdi. Uchrashuv soʼngida Oʼzbekiston tomonidan xitoylik hamkorlarning takliflari koʼrib chiqilib, yakuniy xulosa berilishiga kelishib olindi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi

Поделиться