O‘zbekiston-Qirg‘iziston: savdo-iqtisodiy va transport hamkorligini kengaytirish yo‘lida
Joriy yilning 3-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov va Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E.Asrandiev o‘rtasida videokonferensiya shaklida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi investisiya, savdo va transport-logistika sohalarida sheriklikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi va o‘zaro manfaatli hamkorlikning aniq maqsadlari belgilandi.
Investisiya sherikligini faollashtirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi choralar to‘g‘risida konstruktiv fikr almashilib, natijasida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish va tasdiqlash hamda amalga oshirilishini boshlashga kelishib oldilar.
Tomonlar savdo sohasida to‘xtalib, savdo aylanmasi o‘sishining ijobiy dinamikasini qayd etdilar: so‘nggi uch yilda savdo aylanmasi qariyb besh baravar o‘sib, 2019 yilda 818,4 mln dollarni tashkil etdi. Ushbu yo‘nalishda yaqin vaqtlarda o‘zaro savdo hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish maqsadida pandemiyaning salbiy ta'sirini bartaraf etish bo‘yicha birgalikda choralar ko‘rish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Shuningdek, muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Qirg‘iziston Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish bilan bog‘liq bir qator masalalar ishlab chiqildi.
Transport sohasida o‘zaro hamkorlik masalalariga alohida e'tibor qaratildi. O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi temir yo‘l orqali yuk tashish hajmi 10,7 foizga o‘sib, 1,47 mln tonnani, avtomobil' yuk tashish hajmi esa 38,2 foizga o‘sib, 1,49 mln tonnani tashkil etganligi qayd etildi. Tomonlar yuk tashishga sarflanadigan vaqtning sezilarli darajada kamayishiga va tashuvchilarning transport xarajatlarini optimallashtirishga imkon yaratgan “Andijon – O‘sh – Irkeshtam – Qashg‘ar” uchastkasida avtotransport vositalaridan foydalangan holda “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” yo‘lagi bo‘ylab mul'timodal' yuk tashishlari ishga tushirilganligini mamnuniyat bilan ta'kidladilar.
Ushbu yo‘nalishdagi mavjud salohiyatni hisobga olgan holda, chegara nazorat punktlaridagi yo‘llarning o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirish va yo‘lovchilar, transport vositalari va yuklarning tranziti uchun sharoitlarni yaxshilash, jumladan, bojxona, sanitariya, transport va chegara nazorati jarayonlarini raqamlashtirish orqali birgalikda choralarni amalga oshirish istiqbollari qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, kombinasiyalashgan yuk tashishlarni tashkil etish maqsadida qo‘shma logistika xablarini yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari darajasida investisiya, savdo, transport-logistika hamkorligi masalalarining tezkor ravishda kelishish bo‘yicha mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi, bu esa belgilangan yo‘nalishlar doirasidagi o‘zaro amaliy faoliyat samaradorligini oshiradi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi