O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi tashkil etildi

2020-09-01 | Turizm

O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi tashkil etildi. Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov 26-avgust kuni bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston taʼlim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi V qurultoyi” doirasida shu haqida maʼlum qildi.  

“Davlatimiz rahbari tomonidan so‘nggi yillarda «Yangilanayotgan O‘zbekiston» shiori ostida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda turizm, madaniyat va sport sohalari ham tub yangilanish bosqichidan o‘tib, mamlakatimizning iqtisodiy taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi uchun o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. O‘z navbatida, ushbu sohalardagi, ayniqsa turizm sohasi rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri bo‘lgan aholi bandligini taʼminlash choralari va yaratilayotgan minglab ish o‘rinlari, ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi mehnat munosabatlarining jadal shakllanib borishi bugungi uchrashuvimizning asosiy sabablaridan deb hisoblayman.

O‘zbekiston taʼlim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasidan ajratib chiqarish yo‘li bilan O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorga kelinishi tobora safi kengayib borayotgan ushbu sohalardagi mehnat munosabatlaridagi nizolarni barvaqt oldini olish va xodimlarning huquqlarini himoya qilishdagi muhim qadam hisoblanadi”, - dedi Bosh vazir o‘rinbosari.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘iga muvofiq, turizm, madaniyat va sport sohalaridagi islohotlarning samaradorligini oshirish hamda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosari rahbarligida Turizm, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha qo‘shma hayʼati tashkil etilgani qo‘shimcha qilindi. Qurultoyda maʼlum qilinishicha, tizimda mavjud sihatgohlarni qayta taʼmirlash va yangilarini barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan, mehnat jamoalarining sifatli dam olishi va ularning farzandlariga qulaylik yaratish maqsadida tizimda qator turistik kompaniyalar tashkil etilgan, Toshkent, Samarqand, Urganch va Xiva shaharlarida mehmonxona va bolalar oromgohlari barpo etilib, bugungi kunda foydalanib kelinmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashining bevosita ko‘magida Rossiya va Belarusdagi turli kasaba uyushmalari vakillarining O‘zbekistonga tanishtiruv turlari tashkil etilgani alohida eʼtirof etilib, ular tomonidan kelgusida mehnat jamoalarining diyorimizga sayohati kutilayotgani qayd etildi. “Bugungi kunda mamlakatimizda 260 ming kishi bevosita turizm sohasida ish bilan band va hozirgi pandemiya davrida ularning manfaatlarini himoya qilish va ularga zarur yordam ko‘rsatishda kasaba uyushmalarining o‘rni katta. Qolaversa, so‘nggi vaqtlarda yurtimizda yangidan yangi  zamovaniy sayohat va dam olish maskanlari, davolanish komplekslari ochilmoqda. Kasaba uyushmalari tomonidan ishchilarining shu joylarga yo‘naltirilishi ham turizm sohasi rivoji uchun katta hissa qo‘shib kelmoqda. Bundan tashqari, kasaba uyushmalarimiz xalqaro yo‘nalishda - MDH davlatlari, ayniqsa Rossiya, Belarus kabi mamlakatlardagi hamkor kasaba uyushmalari, yirik ishlab chiqarish uyushmalari va boshqa jamoat tashkilotlari aʼzolarini O‘zbekistonda dam olish, davolanish va salomatliklarini tiklash uchun jalb qilishga doir katta ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Shu nuqtai nazardan, kasaba uyushmalari bizning muhim hamkorlarimiz hisoblanadi, bu kabi hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirishga tayyormiz!” - dedi Aziz Abduhakimov. Pandemiyadan boshqa sohalarga nisbatan ko‘proq zarar ko‘rgan turizm sohasini ichki turizm oqimlari orqali tiklash bugun oldimizdagi dolzarb masalalardan hisoblanadi. Bunda, albatta, mehnat jamoalarini o‘z qoshida birlashtira oladigan kasaba uyushmalari Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining asosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi.

So‘z so‘ngida Aziz Abduhakimov kasaba uyushmalari vakillarini mehnat jamoalarining O‘zbekiston bo‘ylab (karantin qoidalariga rioya qilgan holda) tizimli sayohati amalga oshirilishida hamda sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi 20 dan ortiq soha xizmatchilarining qayta ish bilan taʼminlanishiga hissa qo‘shishga chorladi.  

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi

Поделиться