O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident: Mustaqillik gʻoyasi, istiqlol ruhi bizga doimo togʻdek tayanch boʻlmoqda
2020-08-31 | Siyosat
Koʻksaroy qarorgohida 31-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligiga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimizni milliy ayyom bilan tabrikladi.
– Biz qanday tahlikali va suronli davrlarni boshimizdan kechirmaylik, qanday yutuq va natijalarga erishgan boʻlmaylik, mustaqillik gʻoyasi, istiqlol ruhi bizga doimo togʻdek tayanch boʻlmoqda. Bugun cheksiz iftixor bilan ayta olamizki, donishmand xalqimizning uzoqni koʻra olishi, birdamligi va fidoyi mehnati bilan barcha sinovlardan munosib oʻtib kelmoqdamiz. Shu nuqtayi nazardan, bizning insoniy qadr-qimmatimizni, gʻurur va shaʼnimizni, dinu diyonatimizni, milliy davlatchiligimizni tiklab bergan Mustaqillik kuni Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin sahifa boʻlib qoladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Keyingi yillarda taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻyilayotgani, yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotgani qayd etildi.
– Keng jamoatchilik, el-yurtimiz barcha ijobiy oʻzgarishlarning tashabbuskori va bunyodkoriga aylanmoqda, – dedi Prezident.
Jahonda yuzaga kelgan koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida roʻy bergan tabiiy va texnogen ofatlar joriy yilda jiddiy sinov boʻldi. Shu murakkab vaziyatda gʻoyat muhim ikkita vazifa – yaʼni aholining sogʻligʻi va hayotini asrash hamda iqtisodiyotimizni tiklash, odamlarga ishlab daromad topishi uchun sharoit yaratish bir paytning oʻzida hal etilmoqda.
– Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin boʻlmasin, qancha mablagʻ va imkoniyat talab etilmasin, Oʻzbekistonning bironta fuqarosi oʻz holiga tashlab qoʻyilmaydi, – deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.
Karantin cheklovlariga qaramay, sanoat va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish izchil davom ettirildi. Mamlakatimiz korxonalari belgilangan rejalarni bajarmoqda. Yil boshidan buyon 9 milliard dollarlik mahsulot eksport qilishga erishildi. Bu yil respublikamizda birgina sanoat sohasida umumiy qiymati 11 milliard dollar boʻlgan loyihalar ishga tushirilishi qayd etildi. Tadbirkorlik, ilm-fan, taʼlim, sud-huquq sohasidagi islohotlar natijalariga toʻxtalib oʻtildi.
Shavkat Mirziyoyev qoʻshma dastur va loyihalarni qoʻllab-quvvatlash hamda pandemiya oqibatlarini yumshatish borasida koʻrsatgan yordamlari uchun Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalar banki va boshqa tashkilotlarga minnatdorlik bildirdi. Xalqimizni Mustaqillik bayrami bilan qutlayotgan hamkor davlatlar xalqlariga tinchlik-omonlik va farovonlik tiladi.
– Men turli sinov va kurashlarda toblangan, iymon-irodasi mustahkam xalqimizning aql-zakovati va azmu shijoatiga ishonaman. Mana shunday buyuk insoniy fazilatlar sohibi boʻlgan, ayniqsa, bugungi sinovli kunlarda oʻzining matonati va hamjihatligi bilan chinakam jasorat koʻrsatayotgan qahramon xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan bosh egib taʼzim qilaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Koronavirus pandemiyasi tufayli bu yil Mustaqillik bayrami ixcham shaklda, onlayn rejimda oʻtkazildi. Koʻksaroydagi marosim televideniye orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etildi.
Manba: O'zA