O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxoro sahrolaridagi ertaknamo olamga xush kelibsiz!
2020-08-29 | Turizm
Buxoro viloyatida yangi tematik turistik obyekt sayyohlarga o‘z eshiklarini ochmoqda. Romitan tumanida joylashgan “Bukhara Desert Oasis & Spa” innovatsion ekoturizm klasteri, shubhasiz, hech bir sayyohni befarq qoldirmaydi.
Yillar davomida sahro bag‘rida olib borilgan say-harakatlar natijasida yangi ekoturizm markazi tashkil etilib, uning loyihalari bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda. Bugunga kelib ushbu turizm klasteri 25 turdagi sifatli va noyob xizmatlarni mijozlarga taqdim etishni yo‘lga qo‘ydi. Maskanda hozirgi kunda 50 nafardan ortiq ishchi-xodimlar faoliyat yuritayotgan bo‘lib, kelgusida ular safini yana-da kengaytirish va shu orqali mahalliy aholini qo‘shimcha ish o‘rinlari bilan taʼminlash rejalashtirilgan.
“Bukhara Desert Oasis & Spa” majmuasi ayni paytda 500 nafar dam oluvchini o‘z bag‘riga sig‘dira oladi, lekin u yerda yana qo‘shimcha loyihalar ham bor. Rejaga ko‘ra, sahro bag‘ridagi ertaknamo manzilning xizmatlar ko‘lami bosqichma-bosqich kengaytirilib, ulkan tashabbuskorlik ishlari davom etmoqda.
“Bo‘rontepa” tarixiy tepaligi yaqinida yangi turistik yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan mazkur markaz O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 199maydagi “2017-2019-yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. “Bukhara Desert Oasis & Spa” markazida qadimiy Varaxsha massivi, “Bo‘rontepa” arxeologik yodgorligi, klaster xududi va Buxoro amiri Abdulahadxon chodiri bo‘ylab ekskursiya qilish, o‘tovda yashash, plyaj, massaj, yo‘ltanlamas avtotransport vositalarida, kvadrotsiklda va tuyalarda qum barxanlari bo‘ylab sayohat, cho‘l hayvonot bog‘i, ekologik bog‘, innovatsion issiqxona, degustatsiya markazlariga tashrif, shuningdek milliy, qadimiy va Yevropa taomlari restorani, sahnalashtirilgan chiqishlar (Buxoro amiri qabuli), modalar namoyishi, konsert dasturi, yozgi kinoteatr, chilimxona, Suvenir do‘koni va salqin ichimliklar bari kabi xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi