O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida investitsiya, sanoat va eksport faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha ishlarning asosiy yo‘nalishlari belgilandi
2020-08-28 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 26-28-avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligida va vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlaridan iborat eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi hududlarning investitsiya, sanoat va eksport imkoniyatlarini o‘rganish hamda mavjud salohiyatidan to‘liq foydalanish bo‘yicha ustuvor choralarni ishlab chiqish uchun Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga yo‘l oldi.
Xorazm viloyatida korxonalarga chiqqan holda ish olib borish natijasida sanoat ob'yektlarining joriy holati tahlil qilindi va xo‘jalik faoliyati davomida muammolarga uchragan 886 ta korxonalar aniqlandi. Ular qatorida 188 tasi hozirda ishga tushirilmagan, 415 tasi ishlab chiqarish hajmlari va tushumlarini kamaytirgan, 258 ta korxona byudjetga soliq tushumlarini kamaytirgan, 12 ta korxona faoliyatini vaqtincha to‘xtatib qo‘ygan va 13 ta korxona to‘liq quvvat bilan ishlamaydi.
Tadbirkorlar bilan manzilli ish olib borish davomida kredit mablag‘larini ajratish bilan bog‘liq 19 ta muammoli masalalar, 18 ta muhandislik kommunikatsiyalarga ulanish masalalari, 18 ta holatda ishlab chiqarish uchun yetarli xom ashyo mavjud emasligi va boshqa muammolar, 5 ta holatda ilgari ajratilgan kreditlar bo‘yicha to‘lovlarni tarkibiy o‘zgartirish zarurligi aniqlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 303 ta sanoat korxonasida muammoli masalalar o‘rganildi. Ular orasida 84 ta korxona ishlab chiqarish hajmlari va tushumlarni, 64 ta korxona byudjetga soliq tushumlarini kamaytirdi, 5 ta korxona o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi, 5 ta korxona to‘la quvvat bilan faoliyat ko‘rsatmayapti va 3 ta korxona hozirda ishga tushirilmay turibdi.
Hozirgi kunga kelib 19 holatda ishlab chiqarish uchun xom-ashyo yetishmovchiligi, kredit mablag‘lari ajratilishi zarur bo‘lgan 31 holat, muhandislik kommunikatsiyalariga ulanish bilan bog‘liq 9 masala, 2 holatda esa - ilgari ajratilgan kreditlar bo‘yicha to‘lovlarni tarkibiy o‘zgartirish zarurligi aniqlandi. Komissiya a’zolari sanoat ob'yektlari faoliyatini bevosita o‘rganish va mavjud masalalarni hal etish algoritmlarini ishlab chiqish maqsadida korxonalarga tashrif buyurishda davom etmoqda.
Ushbu hududlarda har bir korxonada aniqlangan masalalarni hal qilish va korxonalarga faoliyatini tiklashda amaliy yordam berishga mas’ul bo‘lgan tegishli tarmoq idoralari va birlashmalari, tijorat banklari hamda viloyat tuman va shahar hokimliklari rahbarlari biriktirildi.
Katta hajmdagi ishlab chiqarish, eksport va ko‘p ish o‘rinlarini yaratishga yo‘naltirilgan yuqori texnologiyali ob'yektlarni tanlash maqsadida mavjud hududiy investitsiya dasturlari tahlil qilindi va optimallashtirildi. Bu borada joriy yil oxirigacha amalga oshirilishi nihoyasiga yetadigan loyihalarga ustuvorlik berilmoqda.
Xorazm viloyatining hududiy investitsiya dasturida umumiy qiymati 12,0 trln so‘mlik 2197 ta investitsiya loyihasi mavjud bo‘lib, 20 774 ta ish o‘rinlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Shundan, qiymati 4,1 trln so‘m bo‘lgan 1 245 ta loyihani 2020 yilda amalga oshirish rejalashtirilgan, buning natijasida 10 616 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 9,9 trln so‘mlik 1 294 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish va 16 964 ta ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, joriy yil oxiriga qadar umumiy qiymati 5,7 trln so‘mlik 886 loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan va buning natijasida 9 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.
Shuningdek, ushbu hududlarning tuman va shaharlar hamda korxonalari kesimida import tarkibi o‘rganib chiqildi: ichki bozorda eng ko‘p talabga ega bo‘lgan va mahalliy mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan tovar pozitsiyalari aniqlandi, tarmoq vazirliklari va idoralari rahbarlariga ushbu tovarlarni ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.
Ushbu korxonalarning ishga tushirilishi qo‘shilgan qiymatning to‘liq tovar-xom ashyo zanjirlarini shakllantirishning imkonini beradi va mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi kooperatsion aloqalarni sezilarli darajada mustahkamlaydi.
Iqtisodiy rivojlanishning “o‘sish nuqtalari” deb nomlangan eng istiqbolli yo‘nalishlarda ishlab chiqarish quvvatlari, ilmiy-tadqiqot markazlari, sifat nazorati va sertifikatlash laboratoriyalari, omborlar, logistika majmualari, mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash markazlarini o‘z ichiga olgan ilmiy-sanoat klasterlarini yaratish uchun mavjud imkoniyatlarning tahlili o‘tkazildi. Bu borada Xorazm viloyatida oziq-ovqat, farmatsevtika, to‘qimachilik sanoati, shuningdek, chorvachilik, sholi va baliqchilik katta salohiyatga ega bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasida qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati va baliqchilik sohalari yuqori salohiyatga ega ekanligi qayd etildi.
Shuningdek, “Hazorasp”, “Nukus” erkin iqtisodiy zonalari hamda Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 30ta kichik sanoat zonalarning salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlar olib borildi. Hududlarida imortiga qaramligi yuqori bo‘lgan mahsulotlar bilan ichki bozorni to‘ldirishga yo‘naltirilgan sanoat korxonalarini tashkil etish bo‘yicha investitsiya takliflarini ishlab chiqish bo‘yicha ish olib borildi. Ushbu choralarning amalga oshirilishi mahalliy tovarlarni ishlab chiqarish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirish va ularning tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.
Komissiyaning Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi faoliyati natijalari asosida investitsiya, sanoat va eksport faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha aniq ijrochilar va muddatlar belgilangan amaliy chora-tadbirlar kompleksi ishlab chiqiladi. Komissiya ishi joriy hafta oxirigacha yakunlanadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi