Toshkent, 26-avgust. /«Dunyo» AA/. Joriy yil 10-18 sentabr kunlari Ozarbayjon va O‘zbekiston milliy torli musiqa cholg‘u asboblari ijrochilarining Xalqaro onlayn ko‘rik tanlovi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekistonning Haydar Aliev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi loyihasi doirasida, shuningdek, ikki mamlakat milliy konservatoriyalari ko‘magida tashkil etiladi. Tanlovda ikki mamlakat milliy konservatoriyalari, shuningdek, o‘zbek xalq cholg‘u asboblari orkestri ishtirok etadi.
Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad milliy cholg‘u asboblarini ommalashtirish, yosh musiqachilarning ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularning kasbiy mahoratini rivojlantirish, yosh iste'dodli ijrochilarni kashf etish, xalq milliy musiqasini ommalashtirishdan iboratdir.
Ozarbayjon “Trend life” axborot agentligining mamlakat Madaniyat vazirligi matbuot xizmatiga tayanib xabar berishicha, ko‘rik-tanlov onlayn shaklda qashqar rubobi, g‘ijjak (kamoni bilan) va ud kabi musiqa asboblarini ijro etish nominasiyalari bo‘yicha o‘tkaziladi.
Har bir ishtirokchi torli cholg‘u asbobda milliy musiqani ijro etadi. Umuman olganda ishtirokchilar o‘z mamlakatidan tashqari boshqa bir mamlakat musiqa asarlarini ham ijro etishlari mumkin. Madaniy tadbir yakunida g‘oliblar mamlakatimizdagi Haydar Aliev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazining faxriy yorliqlari va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Tanlov ishtirokchilarining chiqishlari besh kishidan iborat ikkala mamlakatning taniqli san'atkorlaridan iborat hakamlar hay'ati tomonidan baholanib boriladi.
Tanlovda konsert tashkilotlari, teatr, radio va televidenie muassasalarida ishlaydigan ijrochilar, shuningdek, oliy va o‘rta maxsus musiqa maktablari talabalari ishtirok etishlari mumkin. Ishtirokchilarning yoshi 16 dan 35 yoshgacha bo‘lishi kerak.
Onlayn tanlov 2020-yil 18-sentabrda yakuniga yetadi. Aynan o‘sha kuni g‘oliblar ishtirokida masofaviy gala-konsert bo‘lib o‘tadi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi