Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov 26-avgust kuni Qirgʻiziston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Akram Madumarovni qabul qildi.
Vazirlar Mahkamasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda ikki mamlakat Prezidentlarining tashabbuslari va saʼy-harakatlari bilan soʻnggi yillarda Oʻzbekiston – Qirgʻiziston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilib, aniq amaliy mazmun bilan boyigani qayd etildi.
Uchrashuvda davlat chegaralarini delimitatsiya qilish, oʻtkazish punktlari samarali faoliyatini taʼminlash, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ikki davlat Hukumatlararo komissiya yigʻilishi hamda chegaraoldi hududlar rahbarlari (hokimlari) Kengashining navbatdagi majlislarini oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi.
Shu kunlarda Toshkent shahrida Oʻzbekiston-Qirgʻiziston Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumatlari delegatsiyalarining uchrashuvi boʻlib oʻtmoqda.
Manba: O'zA