O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qashqadaryo viloyatida investitsiya, sanoat va eksport faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi
2020-08-24 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 23-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligidagi hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlaridan iborat eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi Qashqadaryo viloyatiga hududning investitsiya, sanoat va eksport salohiyatini o‘rganish hamda uning iqtisodiy rivojlanishini rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun yo‘l oldi.
Tashrif davomida korxonalarga chiqib kelish amalga oshirildi va 399 ta sanoat korxonalarining joriy holati tahlil qilindi. Shulardan 163 tasi hozirda ishga tushirilmagan, faoliyatini to‘xtatgan yoki vaqtincha to‘xtatib qo‘ygan, ishlab chiqarish hajmlarini yoki byudjetga soliq tushumlarini kamaytirgan korxonalardir. O‘rganish davomida kredit mablag‘larini ajratish bilan bog‘liq 63 ta muammoli masalalar, 5 ta holatda ilgari ajratilgan kreditlar bo‘yicha to‘lovlarni tarkibiy o‘zgartirish zarurligi, muhandislik kommunikatsiyalarga ulanish masalalari bo‘yicha 18 ta holat, 18 ta holatda esa ishlab chiqarish uchun yetarli xom ashyo mavjud emasligi va boshqa muammolar aniqlandi.
Ushbu masalalarning tezkor hal etilishi uchun javobgarlik tegishli tarmoq idoralari va birlashmalari, shuningdek, tijorat banklari, viloyat tuman va shaharlarining mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari zimmasiga yuklatildi.
Amaldagi hududiy investitsiya dasturi optimallashtirildi: sanoat ishlab chiqarishining yuqori hajmi, amalga oshirishning qisqa muddatlari, yuqori eksport salohiyati va ko‘p ish o‘rinlarini yaratish bilan tavsiflanadigan loyihalarga ustuvorlik berilmoqda. Yuqori iqtisodiy samaraga ega yangi investitsiya loyihalari to‘plamini shakllantirish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Ichki bozorda yuqori talabga ega bo‘lgan mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi, bu esa nafaqat tayyor mahsulotlarning, balki ishlab chiqarishda ishlatiladigan xom ashyo va butlovchi qismlari alohida turlarining importiga qaramlikni kamaytiradi.
Shuningdek, viloyatning tuman va shaharlari kesimida mavjud iqtisodiy va sanoat salohiyatining tahlili o‘tkazilib, uning asosida bir qator istiqbolli sohalarda: to‘qimachilik, charm-poyabzal, elektrotexnika va oziq-ovqat sanoatida, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqish sanoatida ilmiy-sanoat klasterlarini yaratishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha ishlar boshlandi.
Qashqadaryo viloyatining erkin iqtisodiy zonalari va kichik sanoat zonalari faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha istiqbolli mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Ushbu maqsadda, EIZ va KSZ hududida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalarini ayni paytda ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilmagan yoki yetarli hajmlarda ta’minlanmagan muayyan turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishga yo‘naltirilish mexanizmi joriy etiladi. Bu qo‘shilgan qiymatning to‘liq zanjirlarini tashkillashtirish, shuningdek, mahalliy korxonalar o‘rtasidagi kooperatsion aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi.
Komissiya ishining yakunlari bo‘yicha sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish, mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasini oshirish, mahalliy aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy tadbirlar kompleksi ishlab chiqiladi. Umuman olganda, uning maqsadi - hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur’atlarini o‘sishini ta’minlashdir.
Ishlab chiqarish va eksportga yetkazish jarayonlarining barqarorligini ta’minlash maqsadida mavjud muammolarni aniqlash va ularni hal etishda har tomonlama ko‘maklashish maqsadida eksportga yo‘naltirilgan korxonalar bilan birgalikda ishlash viloyatda olib borilayotgan faoliyatning alohida yo‘nalishi hisoblanadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi