O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi ma’lumotlarini qayta ishlash respublika yagona markazi ishga tushirildi
2020-08-21 | Jamiyat
Joriy yilning 20-avgust kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Toshkentda Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Marosimda nufuzli xalqaro tashkilotlar va energetika sohasi vakillari, mahalliy davlat idoralari, vazirlik va soha xodimlari ishtirok etdilar. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, Janubiy Koreyaning «KT Corporation» kompaniyasi hamda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) hamkorligida amalga oshirilgan mazkur loyiha mamlakatimizda energetika sohasini yanada rivojlantirish, xususan, elektr energiya ta’minotida innovatsion texnologiya va yechimlardan foydalanish imkonini kengaytirgani bilan ahamiyatlidir.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-oktabrdagi “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2021-yil iyul oyiga qadar respublika bo‘ylab 7,4 milliondan ortiq iste’molchilarning barchasi elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanishi ko‘zda tutilgan.
Ayni kunlarda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish ishlari izchillik bilan olib borilmoqda.
Hozirga qadar respublikamizning 70 dan ortiq tuman va shaharlarida 3,6 milliondan ziyod iste’molchi xonadonlariga zamonaviy elektr hisoblagichlar o‘rnatib berildi. Tahlil natijalari ushbu tizimning sinov loyihasini amalga oshirish davomida iste’molchilardan foydalanilgan elektr energiyasi uchun haq to‘lash darajasi 99 foizgacha o‘sganligini ko‘rsatdi.
Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazida respublika, viloyat, tuman (shahar) va mahallalar kesimida elektr energiyasi iste’molchilarining ma’lumotlari saqlanadi. Shu bilan bir qatorda dasturiy ta’minot orqali elektr energiyasining soatlik, sutkalik, oylik va yillik balanslarini shakilllantirish, ko‘p tariflik tizimida hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoni mavjud.
Bundan tashqari, qarzdor iste’molchilarni to‘liq avtomatik ravishda o‘chirish va sarf qilingan elektr energiyasi uchun to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng qayta yoqish, masofadan turib elektr hisoblagichlarni qayta dasturlash, iste’molchilar hisoblagichlaridan olingan ma’lumotlarni qayta ishlash hamda energetika tizimini nazorat qilish kabi vazifalarni amalga oshiradi.
Janubiy Koreyaning “KT Corporation” kompaniyasi tomonidan ushbu markazga Koreya, Xitoy, Singapur va AQSh kabi dunyoning yetakchi davlatlarida ishlab chiqarilgan server qurilmalari bilan ta’minlangan.
Markazda o‘rnatiladigan dasturiy ta’minot 8,0 mln. iste’molchini ulashga mo‘ljallangan, kelgusida istemolchilar sonini 20,0 mln.ga yetkazish imkoniyati mavjud.
Shuningdek, avvalgi dasturdan farqli ravishda ushbu dasturiy ta’minotga energoob'yektlarni (nimstantsiyalar, elektr stantsiyalar) ham ulash imkoni yaratiladi. Bugungi kunda Buxoro, Samarqand va Jizzax viloyatlarida kichik markazlar qurilgan bo‘lib, Samarqand viloyatidagi server zaxira (Back-up) sifatida foydalanishga topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida: 2019-yil 17-yanvar Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi tashkil etish bo‘yicha “KT Corporation” kompaniyasi hamda “O‘zbekenergo” AJ o‘rtasida qo‘shimcha kelishuv bitimi imzolangan. 2019 yil 6 noyabrida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va Koreyaning “KT Corporation” kompaniyasi hamda moliyaviy hamkor Osiyo taraqqiyot banki vakillari ishtirokida markaz binonisining ichki qismini to‘liq rekonstruktsiya qilish va server qurilmalarini o‘rnatish hamda hududlarda o‘rnatilayotgan elektr energiyasi hisoblagichlarini ma’lumotlarini qayta ishlash respublika yagona markaziga integratsiya qilish ishlariga start berilgan edi.
Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi