O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zini o‘zi band qilish: xizmatlar xilma-xilligi
2020-08-19 | Jamiyat
O‘zini o‘zi band qilish - fuqarolarni ish bilan ta’minlashning yangi formati. Mustaqil ravishda qonuniy ishlash va mehnat stajiga ega bo‘lishga imkon beradi.
O‘zini o‘zi band qilganlar shaxsiy hisobini yuritishi va qulay tarzda ro‘yxatdan o‘tishi uchun Soliq mobil ilovasidan foydalanishi mumkin. Shuningdek, Elektron soliq xizmatlari portali - my.soliq.uz da ham masofadan turib ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratilgan. O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar to‘laydigan ijtimoiy soliq (2020 yil uchun kamida 111 500 so‘m) pensiya va mehnat staji hisoblash uchun to‘liq buyujetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yuboriladi.
Keyingi bosqich - faoliyat turini tanlash. O‘zini o‘zi band qilgan shaxs qonunchilikka ko‘ra, ruxsat etilgan 67 ta faoliyat turi (turlari) bilan shug‘ullanishi mumkin.
18-avgust holatiga O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar soni 264 336 nafarga yetdi.
Sartaroshlik, manikyur, kosmetolog, pedikyur, uyda kir yuvish va dazmollash, kalitlar tayyorlash, poyabzal tikish, ta’mirlash va bo‘yash xizmatlarini o‘z ichiga olgan maishiy xizmatlar sohasi aholi o‘rtasida hamon talabgir bo‘lib qolmoqda - 74 229 nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs;
Qishloq xo‘jaligida xizmatlar sohasi - chorva mollarini o‘tlatish, parvarish qilish, qishloq xo‘jalik o‘simliklarini ekish va parvarish qilishda tomorqa egalariga yordam berish bo‘yicha 55 823 nafar shaxs ro‘yxatdan o‘tdi;
Sanoat sohasining yog‘och me’morchiligi, santexnika xizmati, elektr montaj ishlari, makulatura, plastik idish, temir-tersak to‘plash va boshqa xizmat turlarida 45 621 nafar shaxs xizmat ko‘rsatishni afzal ko‘rgan;
Uyda repetitorlik qilish, bolalarga qarab turish va ularni parvarish qilish, uy xo‘jaligini yuritish, xonalarni tozalash, xalq tabobati va boshqa shu kabi ijtimoiy yo‘nalishlar bo‘yicha xizmatlar sohasida 44 468 nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs shug‘ullanmoqda;
Non, uyda pop-korn, muzqaymoq, salatlar, salqin ichimliklar, ayron, go‘ja hamda dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish kabi xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish sohasida - 39 998 nafar fuqaro ro‘yxatdan o‘tdi;
Ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat, dasturiy ta’minot, mobil ilovalar va veb saytlarni ishlab chiqish, matnni yaratish, ishlov berish va axborot kommunikatsiya sohasining boshqa yo‘nalishlarini 4 179 nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs afzal bilgan.
Raqamlar - hududlar kesimida:
Samarqand viloyati - 36 610;
Toshkent shahri - 29 854;
Namangan viloyati - 27 463;
Farg‘ona viloyati - 22 836
Buxoro viloyati - 22 832;
Andijon viloyati - 22 445;
Qashqadaryo viloyati - 18 452;
Toshkent viloyati - 17 319;
Surxondaryo viloyati - 16 053;
Xorazm viloyati - 12 386;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi - 11 937;
Jizax viloyati - 9 699;
Sirdaryo viloyati - 8 633;
Navoiy viloyati - 7 817.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi