O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bo‘stonliq tumanida turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar ko‘rib chiqildi
2020-08-14 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni turizm salohiyatini kengaytirishga doir loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Koronavirus pandemiyasi tufayli xalqaro qatnovlar to‘xtab, transportlar harakati cheklangani butun dunyoda, shu jumladan O‘zbekistonda ham turizm sohasiga zarar keltirdi. Mamlakatimizda 1 ming 500 dan ortiq turoperator, 1 ming 200 ta mehmonxonaning faoliyati to‘xtab qoldi. Bu vaziyat sohaga aloqador savdo, hunarmandchilik, transport, umumiy ovqatlanish va boshqa xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida minglab odamlarning bandligi va daromadiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Shu bois davlatimiz tomonidan bu sohani qo‘llab-quvvatlash, sayyohlik maskanlari faoliyatini bosqichma-bosqich tiklash choralari ko‘rilmoqda. Joriy yil 28-mayda Prezidentning “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni, 19-iyunda “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat’iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatlarda tarmoqqa pandemiyaning oqibatlarini yumshatish bo‘yicha qator yengilliklar berildi. Umuman, bugun O‘zbekistonda turizm sohasini pandemiya sharoitiga moslashtirgan holda rivojlantirishning zamonaviy imkoniyatlari ishga solinmoqda.
Respublika maxsus komissiyasining 12-avgustdagi qaroriga muvofiq, 15-avgustdan boshlab avtotransport vositalari harakati, mahalliy avia va temir yo‘l qatnoviga ruxsat berildi. Sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmonxonalar, mehmon uylari, plyajlar, xostellar va boshqa dam olish maskanlari faoliyati tiklanadi. Bular yurtimizda sayyohlik yana rivojlanishiga sharoit yaratadi.
Taqdimotda sohada amalga oshirilgan ishlar va navbatdagi rejalar haqida axborot berildi.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining turizm salohiyati juda yuqori. Lekin uzoq yillar davomida bundan yetarlicha foydalanilmadi. Bahavo tabiat, qulay iqlim va yilning barcha faslida maroqli hordiq chiqarish imkoniyati bo‘lsa-da, hududda sayyohlarni jalb etadigan yirik va zamonaviy loyihalar amalga oshirilmadi. Bugun Bo‘stonliq tumanida turistik hududlarni tashkil etish bilan bir vaqtning o‘zida qator muhim masalalarni hal qilish ko‘zda tutilgan.
– Asosiy maqsadimiz, eng avvalo, turizm sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash, odamlarning manfaatini inobatga olib, xalqimiz uchun bahavo, arzon, xavfsiz va 12 oy davomida qulay dam olish sharoitlarini yaratishdir. Bo‘stonliq kabi maskanlarga O‘zbekistonning barcha hududlaridan yurtdoshlarimiz kelib hordiq chiqarishi, bu yerda amalga oshirilayotgan loyihalar boshqa hududlarimiz uchun ham namuna bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili yurtdoshlarimiz chet elda dam olish uchun 1 milliard 200 million dollar atrofida mablag‘ sarflamoqda. Buning asosiy sabablaridan biri O‘zbekistonda barcha talablarga javob beradigan zamonaviy turistik majmualar soni kam.
Shu maqsadda oxirgi yillarda respublikamizning barcha hududlarida, jumladan, Bo‘stonliq tumanida ham to‘liq tadbirkorlar mablag‘i hisobiga yirik loyihalar amalga oshirildi. Xususan, dunyo sayyohlari e’tiboriga tushgan “Amirsoy” majmuasi qisqa bir yarim yil ichida qurib foydalanishga topshirildi. Bu esa hududda yirik va jozibador loyihalarni amalga oshirish mumkinligini isbotladi.
Davlatimiz rahbari taqdimot davomida Bo‘stonliq tumanida yaqin yillarda foydalanishga topshiriladigan loyihalar majmuasi bilan tanishib, ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflarini berdi.
“Bildirsoy-Chimyon-Nanay” xalqaro kurortini tashkil etish loyihasi ulardan biri. Uning konsepsiyasi va iqtisodiy modeli Fransiya kompaniyalari konsorsiumi tomonidan FASEP fondining 750 ming yevro miqdoridagi grant mablag‘lari hisobiga ishlab chiqilgan.
Loyihaning umumiy qiymati 480 million dollar. Shundan 280 million dollarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar tashkil etadi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad hududdagi yer maydonlarining qiymatini va investitsion jozibadorligini oshirish orqali tadbirkorlikni rivojlantirishdir.
Loyiha 3 bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda Chimyon hududida umummavsumiy kurort tashkil etish ko‘zda tutilgan. Fransiyaning 48 million yevro miqdoridagi imtiyozli krediti evaziga turistik infratuzilmani rivojlantirish, jumladan, osma yo‘laklar, chang‘i uchish uskunalari va attraksionlar keltirib o‘rnatish rejalashtirilgan. Buning natijasida tog‘-chang‘i turizmi ommalashadi, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratiladi, tabdirkorlik rivojlanadi. Loyihaning birinchi bosqichini 2021-yil dekabrda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Loyihalarda ko‘zda tutilayotgan eng muhim vazifa bu davlat-xususiy sheriklik asosida uddaburon tadbirkorlarga keng yo‘l berishdir. Shuningdek, sayyohlik hududida echkichilik, tuyachilik, asalarichilik kengaytirilib, sayyohlarga qo‘shimcha xizmatlar taklif etiladi. Hududda yoshlar uchun alohida maydonlar ajratilib, turizmni rivojlantirishda ularning imkoniyatlarini ham to‘liq ro‘yobga chiqarish muhimligi ta’kidlandi.
Bo‘stonliq tumani, xususan, Chorvoq suv ombori atrofidagi qishloqlarda yangi dam olish maskanlari quriladi. Bu bilan shu yerda yashayotgan aholini ish bilan ta’minlash maqsadi ham ko‘zlangan.
Bo‘stonliq tumanida bo‘sh turgan va samarasiz foydalanilayotgan ob’ektlarni sotish orqali ular negizida turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, 80 ga yaqin davlat ob’ektlarini xususiylashtirish rejalashtirilgan. Bu orqali turizm sohasida davlat ishtiroki qisqartiriladi va xususiy tadbirkorlik rivojlanadi. 15 mingtagacha yangi ish o‘rni yaratiladi. Raqobat kuchayishi hisobiga maqbul narx-navo shakllanadi.
Tadbirda noqonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan sub’ektlarni aniqlash va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish borasidagi ishlar bo‘yicha ham ma’lumot berildi.
Jumladan, Bo‘stonliq tumanida soliq solish ob’ektlarini hisobga olishni soddalashtirish maqsadida “orom.uz” mobil ilovasi va yagona elektron platformasi ishlab chiqildi. Bu platforma orqali 3 ming 700 dan ortiq ijarachilar ro‘yxatga olindi. Bundan tashqari, qo‘shimcha tayanch punktlari tashkil etilib, 16 mingdan ziyod ob’ekt xatlovdan o‘tkazildi. Bular natijasida soliq tushumi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan deyarli 3 baravarga oshgan.
Bo‘stonliq tumanida yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va ta’mirlash bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, avtomobil yo‘llari ta’mirlandi, yerosti suvlarini qochirish maqsadida drenaj quvurlari o‘rnatildi, 10 kilometrdan ortiq piyodalar yo‘lakchalari qurildi.
Prezidentimiz yo‘llarni puxta o‘ylangan, tejamkor loyihalar asosida qurish va ta’mirlash zarurligini ta’kidladi.
Sayyohlar oqimining ko‘payishi chiqindilarni oqilona boshqarishni ham talab etadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Bo‘stonliq tumanida kuniga o‘rtacha 102 tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Afsuski, dam olish madaniyati pastligi tufayli ko‘pincha yig‘ishtirilmay, tabiat qo‘ynida tashlab ketiladi.
Bu muammoni bartaraf etish, hududni tozalash tizimini takomillashtirish maqsadida chiqindi yig‘ish punktlari va tashuvchi texnikalarni ko‘paytirib, Ekoinspeksiya nazoratini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Buning natijasida hudud 100 foiz sanitariya tozalash xizmatlari bilan qamrab olinadi. Tashrif buyuruvchilarning ekologiya va atrof-muhit muhofazasi talablariga rioya etishlari ustidan doimiy nazorat yuritiladi.
Shuningdek, Bo‘stonliq tumanida ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Yil boshidan buyon 7,6 kilometr ichimlik suvi quvuri, nasos va suv minoralari qurilgan. Kelgusi ikki yilda 36 kilometr ichimlik va 3,5 kilometr oqava suv quvuri, 10 ga yaqin suv va kanalizatsiya inshooti barpo etilishi rejalashtirilgan.
Tumanda elektr ta’minotini yaxshilash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Prezident mavjud elektr tarmoqlarini ta’mirlash bilan birga suv, shamol va quyosh energiyasi manbalarini bunyod etish, turistik ob’ektlar energiya ehtiyojining katta qismini shular hisobidan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Tog‘ yonbag‘irlarida, o‘rmon va suv fondi yerlarida yengil konstruksiyali ko‘chma dam olish maskanlarini tashkil etish loyihasi ham muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari hududni to‘liq turistik zona sifatida rivojlantirish va rejadagi loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisiga parallel ravishda, yangi tajriba tariqasida Bo‘stonliq tumaniga rahbarlik vazifasini bajarishni yuklatish taklifi bildirildi.
Taqdimotda keyingi ikki yilda sayyohlik o‘rinlari va xizmat turlarini ko‘paytirish natijasida hududning turizm salohiyatini 2 barobar ortishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti