O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Аkademik Rajabov Telman Dadayevich
2020-08-14 | Fan
Materialshunoslik fizikasi, ilmiy asbobsozlik va mikroelektron texnikasi sohasida tanilgan yirik olim, Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Rajabov Telman Dadayevich 2020-yil 12-avgustida 85 yoshida vafot etdi.
foto: TATU
T.Rajabov 1935-yil 15-avgustda Samarqand shahrida tugʼilgan. Bauman nomidagi Moskva oliy texnika universitetini 1959-yilda tugatgan. 1966-yili nomzodlik, 1980-yili doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi xizmatlari uchun 1995-yilda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzosi (akademigi) etib saylandi.
Isteʼdodli olim qariyb 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti katta ilmiy xodimi, Elektronika instituti laboratoriyasi mudiri, Markaziy ilmiy asbobsozlik konstruktorlik va texnologik byurosi direktori, Toshkent elektrotexnika aloqasi instituti (hozirgi Toshkent davlat axborot texnologiyalari universiteti) rektori, Markaziy Osiyo telekommunikatsiya oʼquv markazi direktori, Toshkent elektrotexnika aloqasi instituti kafedrasi mudiri va professori lavozimlarida samarali mehnat qildi, mamlakatimizda ilm-fan va taʼlim sohalarini rivojlantirish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qoʼshgan.
T.Rajabov fizikaviy materialshunoslik va mikroelektronikaning ilmiy asbobsozlikda Oʼzbekiston miqyosida qoʼllash ilmiy yoʼnalishini asoschisi sifatida tanilgan.
Yirik olimning materialshunoslik va mikroelektronika maktabini dunyoga tanitishda muhim ahamiyatga ega boʼlgan dolzarb mavzulardagi ilmiy maqolalari, tadqiqot-risola va monografiyalari yurtimiz va chet el ilmiy jamoatchiligi oʼrtasida yuksak eʼtirofga sazovor boʼldi.
Jonkuyar ustoz sifatida koʼplab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida oʼnlab fan doktorlari va fan nomzodlari yetishib chiqdi.
T.Rajabov kamtarin va samimiyligi, talabchan, tashvishlarga befarq qarolmaydigan inson sifatida katta hurmat va eʼtiborga sazovar boʼlgan.
Аkademik T.Rajabovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi.
U “ Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.
Аtoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Rajabov Telman Dadayevichning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Manba: O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi