O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkentning Olmazor tumanida Oʼzbekiston-Turkiya texnoparki tashkil etiladi

2020-08-13 | Texnologiyalar

Turkiyaning eng yirik nashrlaridan biri – «Saboh» gazetasi innovatsiyalar sohasida Oʼzbekiston va Turkiya hamkorligining yangi bosqichi haqida maqola eʼlon qildi. «Oʼzbekistonga texnopark investitsiyasi» maqolasida turli sohalarni qamrab olgan yirik texnologik loyiha – Olmazor texnoparkini moliyalashtirish haqida soʼz boradi.

«Turkiyaning Oʼzbekiston hukumati tashabbusi bilan boshlagan texnopark loyihasi boʼyicha amaliy qadamlar qoʼyildi. Bu boradagi ilk qadam – Toshkentdagi Olmazor texnoparki boʼladi» deb boshlanadi maqola.

Turkiya keyingi yillarda turli sohalarda boshlagan milliy texnologiya jarayonlarini eksport qilish darajasiga erishdi va oʼzi erishgan ilmiy yutuqlarni turkiy tilli mamlakatlar bilan oʼrtoqlashmoqda. Turk Kengashi va turkiy tilli davlatlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari samarasini bera boshlagach, qoʼshma ishlab chiqarish, ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlikni rivojlantirish, ayniqsa pandemiya sharoitida aniqlik kasb eta boshladi.

Toshkent shahridagi Olmazor tumanida barpo etiladigan texnopark shunday faoliyatlarning birinchisidir. Hozirda oʼtgan yili memorandum imzolanishi bilan ilk qadam qoʼyilgan qoʼshma texnopark loyihasining tafsilotlari aniq boʼldi. Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining taklifi bilan barpo etiladigan texnoparkda Turkiyaning yuqori texnologiyalar sohasida dunyo boʼylab faoliyat yuritadigan davlat va xususiy korxonalari faoliyat yuritadi. Yer ajratish bilan bir qatorda, Oʼzbekiston ushbu loyihaning infratuzilmasini oʼz zimmasiga oladi, shuningdek mamlakatning ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shugʼullanadigan kompaniyalari ham jalb qilinadi. Loyihaning Turkiya tomonidan ishtirokchisi esa Istanbul texnoparki boʼladi.

Turk dunyosi birdamlik uyushmasi vitse-prezidenti, investitsiyalarning «meʼmorlari»dan biri Mustafo Jankat Aytek tomonlarning har biri 50 foiz ulushga ega boʼlishini taʼkidladi. Aytek mintaqadagi boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilish ustida ham ish olib borilayotganini maʼlum qildi.

Mustafo Jankat Aytek Oʼzbekiston innovatsion rivojlanish vazirining oʼrinbosari Oybek Norinboev boshchiligidagi delegatsiya 2019 yilda Istantul texnoparkiga tashrif qilishganini taʼkidlab, quyidagi maʼlumotlarni berdi: «Ziyorat asnosida Oʼzbekiston delegatsiyasi va Istanbul Texnoparki Bosh direktori Bilol Toʼpchi orasida hamkorlik, shu jumladan mamlakatda qoʼshma texnopark tashkil etish masalalarini oʼz ichiga olgan memorandum imzolangan».

Mustafo Jankat Aytek, texnoparkda tibbiy vaktsinalar va dori-darmon, uchuvchisiz qurilmalar ishlab chiqarish, kommunikatsiya sohasida yangi texnologiyalar yaratish, qishloq xoʼjalik va oziq-ovqat sohasidagi tadqiqotlarni amalga oshirish uchun keng koʼlamli investitsiyalar kiritilishini aytdi. Аytek: «Bu loyihalarning eng ustun tarafi - dunyo boʼylab yoyilgan turkiy tilli davlatlar olimlarining bilim qudrati oʼz yurtiga qaytadi. Ushbu masalada avvallari oʼz iqtidorlarini namoyon qilolmagan turkiy tilli olimlar investitsiyalarning kirib kelayotgani uchun oʼz sohalarida ishlash niyatida ekanini aytmoqdalar», dedi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi

Поделиться