O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining AXBOROTI
2020-08-12 | Jamiyat
Mamlakatimizda bugungi pandemiya sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarning barqarorligini saqlab turish, ayniqsa aholining munosib turmush tarzi hamda tadbirkorlik subyektlarining samarali faoliyat koʻrsatishi uchun qulay sharoitlarni taʼminlash muhim ahamiyatga ega.
Bu esa, oʻz navbatida respublikada amalga oshirilayotgan karantin tadbirlarini bosqichma-bosqich yumshatib borish, xususan transport sohasi, tadbirkorlik hamda boshqa sohalarda aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun sanitariya talablariga qatʼiy rioya etgan holda karantin talablarini qisqartirish choralarini koʻrishni taqozo etmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qarori bilan quyidagilarga ruxsat berildi:
1) 2020-yil 15-avgustdan boshlab:
a) avtotransport vositalarining kun davomida toʻliq harakatlanishi;
b) mahalliy aviaqatnovlar va temir yoʻl qatnovi. Bunda, doimiy ravishda har bir aviaqatnov va temir yoʻl qatnovidan oldin tegishli havo kemasi va temir yoʻl vagonlarini (har bir oʻrindiqni) toʻliq dezinfeksiyadan oʻtkazish, shu jumladan, ularga havoni zararsizlantirish anjomlarini oʻrnatish choralarini koʻrish lozim;
v) ochiq havoda xizmat koʻrsatuvchi umumiy ovqatlanish obyektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) faoliyati. Bunda, ushbu obyektlar uchun:
banketlar va boshqa ommaviy tadbirlarni oʻtkazishga yoʻl qoʻymaslik;
stollar oraligʻidagi 2 metrdan kam boʻlmagan ijtimoiy masofani taʼminlash;
bir stol atrofida 4 kishidan koʻp boʻlmagan (oila aʼzolari bundan mustasno) mijozlarni joylashtirish;
xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qoʻlqopda boʻlishi;
har bir mijozdan keyin stol va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash talab etiladi.
Shuningdek, mazkur obyektlar toʻlaqonli faoliyat yuritishiga tayyorgarlik koʻrish uchun ularning bino va xonalariga, shuningdek, havo aylantirish tizimiga zararsizlantirish anjomlarini (ultrabinafsha lampalar va b.) oʻrnatib borish tavsiya etiladi.
g) nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablar, shuningdek, oʻquv kurslari (markazlari) faoliyati. Bunda, ushbu tashkilotlar faoliyati uchun:
mashgʻulotlar vaqtini oldindan kelishish (taʼlim markazlari va toʻgaraklar uchun);
xodimlar va bolalar (tarbiyalanuvchilar)ning sogʻligʻi holatini doimiy nazorat qilish (tana haroratini muntazam oʻlchab borish), tana harorati 370S va undan yuqori boʻlgan yoki infeksiya alomatlari mavjud boʻlgan xodimlar va bolalar (tarbiyalanuvchilar)ni mashgʻulotlar chetlatish;
xodimlar tibbiy niqob va tibbiy qoʻlqoplardan foydalanishi va ijtimoiy masofani saqlashi;
sanitariya-gigiyena va dezinfeksiya talablariga qatʼiy rioya etish, bino xonalarni doimiy ravishda dezinfeksiya qilish, ularga kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “toʻshak”lar bilan jihozlash choralari koʻrilishi lozim;
d) sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmonxonalar, mehmon uylari, plyajlar, xostellar, ijaraga beriladigan dala hovlilar va boshqa dam olish maskanlari faoliyati. Mazkur faoliyatni amalga oshirishda:
fuqarolar alohida, bir-biridan ajratilgan holda (har bir oilaga bir xona talabiga rioya etgan holda) joylashtiriladi;
bino va xonalar doimiy ravishda dezinfeksiya qilib boriladi, shu jumladan, havoni zararsizlantirish anjomlari bilan jihozlash tavsiya etiladi;
bunda mehmon uylari va xostellar faoliyati Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 6-maydagi 21-son yigʻilish bayonining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Pandemiya sharoitida mehmonxona xizmatlarini tashkil qilish boʻyicha vaqtinchalik yoʻriqnoma talablari asosida yoʻlga qoʻyiladi. Bunda, xostellar faqatgina bir xonaga oilaviy yoki bir kishidan ortiq boʻlmagan mehmonlarni qabul qilishga ruxsat beriladi;
ye) muzeylar faoliyati;
j) goʻzallik salonlari va sartaroshxonalar faoliyati uchun – xizmat koʻrsatuvchi shaxslar tomonidan shaxsiy himoya vositalari – tibbiy xalat yoki kombinezon, tibbiy niqob
va tibbiy qoʻlqopdan foydalangan holda telefon yoki onlayn navbatga yozilgan holda “1 ta xizmat koʻrsatuvchi shaxs – 1 ta mijoz” tamoyili asosida ishlashi talab etiladi;
z) oilaviy tantana, toʻy, maʼraka va marosimlarni oʻtkazish (bunda ushbu tadbirlarni fuqarolarning uy-joyi va hovlisining oʻzida 30 kishidan koʻp boʻlmagan (faqat yaqin qarindoshlar va ushbu tuman hududida istiqomat qiluvchi boshqa qarindoshlar) hamda sanitariya va gigiyena talablariga qatʼiy rioya etgan holda);
2) 2020-yil 17-avgustdan boshlab:
a) hududlar (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar
va Toshkent shahri) oʻrtasida avtotransport vositalari qatnovini tiklash;
b) jamoat transporti, shahar (tuman) va shahar atrofi yoʻnalishlari boʻyicha avtobus qatnovi (metropoliten faoliyati bundan mustasno). Ushbu transport faoliyatini tashkil etish uchun:
har qatnovga chiqishdan oldin haydovchi va konduktorlarning tana harorati pirometrlarda oʻlchanib, 370S va undan yuqori boʻlgan holatda ularning transport vositasini boshqarishiga yoʻl qoʻymaslik, ularning tibbiy niqob va qoʻlqopda boʻlishi;
jamoat transportida yoʻlovchilarning tibbiy niqobda boʻlishi va ular orasida ijtimoiy masofa saqlanishi, tibbiy niqob boʻlmagan holatda ularning transportga chiqishiga yoʻl qoʻymaslik;
transport vositasi doimiy ravishda har qatnovga chiqishdan oldin (shu jumladan, har bir oʻrindiqni) toʻliq dezinfeksiyadan oʻtkazilishi zarur.
v) diniy tashkilotlar faoliyatiga (har kuni dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish hamda qatʼiy ijtimoiy masofani saqlash cheklovlariga rioya etilishini taʼminlagan holda). Bunda, diniy tashkilotlarda juma va shanba-yakshanbalik diniy xizmatlarni vaqtinchalik amalga oshirmaslik talab etiladi;
3) 2020-yil 20-avgustdan boshlab:
a) buyum va qurilish mahsulotlari bozorlari hamda buyumlar savdosi bilan shugʻullanuvchi yirik doʻkonlar faoliyati(sanitar tozalash ishlarini oʻtkazish uchun haftada bir marta sanitar kunini eʼlon qilgan holda). Bunda, supermarket va boshqa yirik doʻkonlar:
kirish-chiqish joylarini pirometrlar, dezinfeksion “toʻshaklar”, antiseptik vositalari bilan jihozlash, ularga kirishda har bir fuqaroning tana haroratini oʻlchab, 370S va undan yuqori boʻlgan yoxud infeksiya alomatlari mavjud boʻlgan holatda kiritmaslik, ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobda boʻlishini, shuningdek, ushbu obyektlarga kirishda fuqarolarni bepul tibbiy qoʻlqop bilan taʼminlash talab etiladi;
ishchi, xizmat, umumiy sanitar-gigiyenik uzel xonalarini, yirik sigʻim maydonlarini (xonalarini) va havo aylantirish tizimini ultrabinafsha zararsizlantirish anjomlari bilan jihozlash choralarini koʻrishi lozim.
b) sport zallari, fitnes klub, trenajer va basseynlar faoliyati. Ushbu obyektlar faoliyatini amalga oshirishda:
ularning doimiy ravishda dezinfeksiya qilinishi, ularga kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “toʻshak”lar bilan jihozlash;
xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qoʻlqoplardan foydalanishi, ijtimoiy masofani saqlashi;
har bir fuqaroning tana haroratini oʻlchab, 370S va undan yuqori boʻlgan, infeksiya alomatlari mavjud boʻlgan holatda hamda tibbiy niqobda boʻlmagan hollarda kiritmaslik choralarini koʻrish, ijtimoiy masofani taʼminlash imkoniyati boʻlmagan jamoaviy sport turlarini oʻtkazmaslik talab etiladi.
Quyidagi karantin cheklovlari (taqiqlar) 2020-yil
15-avgustdan keyin ham saqlab qolinishi belgilandi:
fuqarolarning jamoat joylarida ijtimoiy masofani
(2 metr) saqlashi, tibbiy niqobda boʻlishi, bunda ular tomonidan sanitar talablar buzilgan taqdirda qatʼiy choralar (jarimaga tortish) koʻrish;
tana harorati 370S va undan yuqori boʻlgan yoxud infeksiya alomatlari mavjud boʻlgan fuqarolarning jamoat joylariga chiqmasligi;
davlat organlari, tashkilotlarida yigʻilishlar oʻtkazishni taqiqlash, zarur hollarda yigʻilishlarni videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish;
tomosha, madaniy-koʻngilochar (teatr, kinoteatr, konsert zallari, toʻyxonalar, faoliyati) va ommaviy tadbirlaroʻtkazish;
parklar va istirohat bogʻlaridagi attraksionlar faoliyati;
umumiy ovqatlanish obyektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) faoliyati (ochiq havoda xizmat koʻrsatuvchi umumiy ovqatlanish obyektlari bundan mustasno);
tungi klublar, diskoteka, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) va kompyuter oʻyinlari markazlari faoliyatiga yoʻl qoʻymaslik;
65 yoshdan oshgan shaxslarning “oʻzini oʻzi yakkalash” hayot tarzida yashashini tavsiya etish va ogohlantiruvchi targʻibot ishlarini amalga oshirish;
yoʻnalishsiz taksilarda yoʻlovchi tashish uchun avtotransport vositasi salonida haydovchi oʻrindigʻi yoʻlovchilar oʻrindigʻidan shaffof plastik yoki maxsus pleyonka bilan toʻsilgan boʻlishi, haydovchi va yoʻlovchi tibbiy niqobda boʻlishi (tibbiy niqobsiz yoʻlovchini tashish taqiqlanadi), yoʻlovchilarni avtotransport vositasi saloni orqa oʻrindigʻiga oʻtkazilishi hamda faqat oʻz (avtotransport vositasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan) hududida harakatlanish.
Davlat organlari va muassasalarining binolari,
shu jumladan, xizmat xonalari mavjud sharoitlardan kelib chiqib, havoni zararsizlantirish tizimi bilan bosqichma-bosqich jihozlanadi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalarini inobatga olib, shuningdek, mamlakatdagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda Oʻzbekistonga xorijiy davlatlardan kirib kelayotgan shaxslarni karantinga olishning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibi joriy etildi:
xorijiy davlatlardan kirib kelayotgan shaxslarni karantinda saqlash muddati 14 kun etib belgilanadi;
karantin muddatini shaxsning xohishiga koʻra karantin markazlarida yoki mehmonxonalarda oʻtkazish tartibi saqlab qolinadi;
karantin muddati shaxsning davolash profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirishga roziligiga koʻra, karantinda saqlash muddati vrachlar kuzatuvi ostida davolash-profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirgan (Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tavsiya etilgan dori vositalarini qabul qilgan) holda 7 kun etib belgilanadi (bunda 7 kunlik karantindan soʻng test natijasi manfiy boʻlganda shaxs karantin markazidan chiqariladi).
Oʻzbekiston Respublikasiga xorijiy davlatlardan kirish boʻyicha quyidagi tartib amal qilishi belgilandi:
sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror boʻlgan (yashil reyslar) – (oxirgi 10 kun ushbu mamlakatlarda boʻlib turgan) Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelgan shaxslar karantin nazoratiga olinmaydi;
koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaygan (sariq reyslar) – (oxirgi 10 kun ushbu mamlakatlarda boʻlib turgan) Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelgan shaxslar 14 kun davomida uy karantini nazoratiga olinadi;
koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan (qizil reyslar – evakuatsiya reyslari) – Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelgan shaxslar 14 kun davomida karantin nazoratida saqlanadi.
Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasiga xorijiy davlatlardan fuqarolarni kirishi boʻyicha toifaga ajratilgan davlatlar roʻyxati tasdiqlandi hamda ushbu roʻyxat har haftada yangilab borishibelgilandi.Mazkur roʻyxatga asosan:
a) yashil reyslar sifatida – Xitoy Xalq Respublikasi, Tayland, Malayziya, Janubiy Koreya, Gruziya, Vengriya, Latviya, Yaponiya;
b) sariq reyslar sifatida – Yevropa Ittifoqi davlatlari (Buyuk Britaniya va Ispaniya bundan mustasno), Ozarbayjon;
v) qizil reyslar sifatida boshqa barcha davlatlar belgilandi.
Yuqoridagilardan tashqari jamoaviy (kollektiv) immunitet shakllanishi jarayonini monitoring qilib borish maqsadida antitanachalar (immunoferment) tahlilini oʻtkazish choralarini koʻrish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, mutasaddi vazirlik va idoralarga ommaviy axborot vositalarida madaniy-maʼrifiy va koʻngilochar mazmundagi koʻrsatuv, eshittirish va materiallarni koʻpaytirish, shuningdek ijtimoiy masofani taʼminlagan hamda sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya etgan holda teatr, kinoteatr, konsert va boshqa tadbirlarni tashkil etishyuzasidan asoslantirilgan takliflar kiritish vazifalari belgilandi.
Manba: O'zA