O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston-Afg‘oniston muzokaralari - ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish va Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni mustahkamlash yo‘lidagi yana bir qadamdir

2020-08-09 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 8-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasi hukumat delegasiyalari o‘rtasida videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazildi. 

Kun tartibiga muvofiq, muzokaralar chog‘ida savdo, energetika, transport kommunikasiyalari va logistika sohalarida hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga molik qator muhim investisiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
 
Tomonlar delegasiyalariga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investisiya va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Afg‘oniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi M.Atmar va Afg‘oniston prezidenti ma'muriyati rahbari M.Shokir boshchilik qildilar. Muzokaralarda ikki mamlakatning tashqi ishlar, transport, energetika vazirliklari, shuningdek, boshqa tegishli idora va kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.
 
Muzokaralar chog‘ida tomonlar ikki mamlakat rahbarlarining sa'y-harakatlari tufayli o‘tgan 3 yil davomida ikki tomonlama munosabatlarning erishilgan yuqori darajasini ta'kidladilar, shuningdek, keng qo‘lamli hamkorlik doirasida erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirishga sodiqligini bildirdilar.
 
Tomonlar energetika sohasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish tarafdori ekanliklarini bildirdilar. O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berishni tashkil etish va shu maqsadda tegishli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish, jumladan, “Surxon – Puli-Xumri” uzatish liniyasi qurilishi loyihasini tezkor ravishda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
 
Shuningdek, tomonlar “Markaziy Osiyo – Janubiy Osiyo” yo‘nalishida ham, “Afg‘oniston – Xitoy, MDH mamlakatlari va Yevropa” yo‘nalishida ham transport yo‘laklarini rivojlantirish va ikki mamlakatning tranzit salohiyatidan foydalanish orqali mintaqadagi transport kommunikasiyalari infratuzilmasini takomillashtirish hamda O‘zbekiston va Afg‘onistonning o‘zaro bog‘liqligini ta'minlash muhimligini ta'kidladilar.
 
Muzokaralar chog‘ida savdo aloqalarini yanada mustahkamlash yo‘llari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, o‘zaro savdo hajmining o‘sish dinamikasiga ijobiy baho berildi – 2020 yilning birinchi yarmida pandemiya oqibatlarining xalqaro savdo muhitiga salbiy ta'siriga qaramay, ikki tomonlama savdo hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24% ga oshdi.
 
Savdo aloqalarini yanada kuchaytirish maqsadida tegishli institusional va huquqiy asoslarni ishlab chiqish, o‘zaro savdoni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish, jumladan, chegaraoldi savdo salohiyatidan to‘liq foydalanish va imtiyozli savdo Bitimini tuzish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
 
Muzokaralar yakunida yaqin kelajakda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amalga oshiriladigan qo‘shma chora-tadbirlar kelishib olindi hamda savdo, energetika va transport sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish va aniq loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
 
Tomonlarning fikricha, ikki tomonlama munosabatlarda erishilgan yutuqlar va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik, taraqqiyot va iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish hamda Afg‘onistonni ushbu jarayonga faol jalb etishga xizmat qiladi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться