O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Nagoya shahrining meri bilan muzokaralar o‘tkazildi

2020-08-08 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 7-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investisiya va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Nagoya shahrining (Yaponiya) meri T.Kavamura bilan videomuloqot o‘tkazib, uning davomida o‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Nagoya shahriga amalga oshirilgan tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etilishi yuzasidan konstruktiv fikr almashildi.

Muzokaralar chog‘ida iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, turizmni rivojlantirish, mutaxassislar bilan almashish, havo parvozlarini faollashtirish, shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashdagi hamkorlikni kengaytirishga oid keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi.
 
Muloqot chog‘ida T.Kavamura “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Nagoyaga amalga oshirilgan tashrifi shahar tarixidagi misli ko‘rilmagan voqea bo‘ldi", deb g‘urur bilan ta'kidladi va tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga qat'iy sodiqligini bildirdi.
 
O‘zbekiston tomoni Nagoya ma'muriyatiga Yaponiya aholisi orasida O‘zbekistonni, jumladan, Toshkentni targ‘ib qilish borasidagi sa'y - harakatlari, xususan, bir qator radio va teledasturlar turkumlari tashkil etgani, mahalliy gazeta, jurnallar va Nagoya shahrining rasmiy saytida O‘zbekiston, Toshkent va O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlari haqida maqolalar e'lon qilgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
 
Doimiy do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘ygan Toshkent va Nagoya o‘rtasidagi birodarlik aloqalarni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, Nagoyada Toshkent shahar hokimligi vakolatxonasini ochish istiqbollari muhokama qilindi. Vakolatxona iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni ko‘paytirish orqali ikki shahar o‘rtasida sayyohlik oqimini oshirish, tajriba almashish, texnologiyalar va yuqori malakali mutaxassislar bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning qo‘shimcha vositasiga aylanadi.
 
Shuningdek, Nagoya shahri bilan madaniyat va turizm sohasidagi hamkorlik doirasida yuqori darajadagi qo‘shma tadbirlar o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish hamda o‘zbek va yapon tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish uchun mo‘ljallangan alohida biznes-forumni tashkil etish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.
 
Ma'lumot uchun: Toshkent shahar hokimligi Nagoya shahri meriyasi bilan birgalikda shu yilning kuzida Toshkentda “Nagoya kunlari” va Nagoyada “Toshkent kunlari” tadbirini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Tadbir davomida Aiti prefekturasida shu jumladan Nagoya shahrida ham “Roud-shou”, yoshlar festivali, yosh tadbirkorlar forumi, gravyura va rassomlik ustalari ko‘rgazmalari, shuningdek, har ikki mamlakatlarning sayyohlik salohiyati va an'anaviy madaniyatini ommalashtirishga qaratilgan boshqa qo‘shma tadbirlar tashkil etiladi.
 
Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda Nagoya shahri tajribasini joriy etish imkoniyatlari alohida ko‘rib chiqildi. Hozirgi kunda shaharda rivojlangan va barqaror sog‘liqni saqlash tizimi hamda yuqori malakali tibbiyot xodimlarining mavjudligi tufayli infeksiyaning past darajada tarqalishi kuzatilmoqda. Tomonlar Toshkent tibbiyot Akademiyasi va Nagoya universiteti o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida kadrlarni tayyorlashga oid hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro kelishib, bu boradagi kelgusidagi amaliy harakatlarni belgilab oldilar.
 
Muzokaralar chog‘ida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq bir qator alohida masalalar ham muhokama qilindi. Xususan, Toshkent shahrida yuqori texnologiyali IT-parkini yaratish borasidagi ishlarning borishi va ushbu tashabbus ijrosini jadallashtirish bo‘yicha birinchi navbatda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
 
Shu bilan birga, investisiyaviy hamkorlikning mavjud salohiyatini maksimal darajada oshirish zarurligi qayd etildi va bu borada tomonlar ilgari kelishilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bilan almashdilar. Jumladan, “Mitsubishi Electric” kompaniyasining O‘zbekistonda yo‘lovchi liftlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishdagi yutuqlarni mamnuniyat bilan e'tirof etdilar.
 
Videomuloqot yakunida epidemiologik vaziyat barqarorlashgani bilan Yaponiya va O‘zbekiston tadbirkorlaridan iborat biznes delegasiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться