O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston quruvchilariga bayram tabrigi

2020-08-08 | Siyosat

Muhtaram doʻstlar!

Avvalo, mamlakatimizning qurilish sohasida fidokorona mehnat qilayotgan siz, azizlarni kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga oʻzimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Jonajon Oʻzbekistonimizning yangi qiyofasini barpo etish, Vatanimizning yuksak taraqqiyotini taʼminlash, hayotimizni yana-da obod va farovon etishda sizlar singari mohir quruvchi va muhandislar, usta va meʼmorlar, loyihachi va pudratchi tashkilotlar vakillari – ming-minglab bunyodkor insonlarning olijanob mehnatini hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydi.

Bugungi qutlugʻ ayyom – Qurilish sohasi xodimlari kuni diyorimizda keng nishonlanayotgani ham xalqimiz va davlatimizning sizlarga boʻlgan ana shunday samimiy hurmat-ehtiromidan dalolat beradi.

Aziz yurtdoshlar!

Maʼlumki, hozirgi kunda butun insoniyat qatori el-yurtimiz ham ogʻir sinovli kunlarni boshidan kechirmoqda. Murakkab pandemiya sharoitida koʻplab soha va tarmoqlar rivoji yoʻlida jiddiy muammolar paydo boʻlmoqda.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, mana shunday qiyin vaziyatda ham iqtisodiyotimizning yetakchi sohalaridan boʻlgan qurilish, bunyodkorlik ishlari aslo toʻxtab qolmadi.

Aksincha, sizlarning jonbozlik koʻrsatib qilayotgan mehnatingiz hisobidan tizimda keng koʻlamli islohotlar, bu borada belgilangan dastur va rejalarimiz oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilmoqda.

Bu fikrni joriy yilning birinchi yarmida yurtimizda jami 43 trillion soʻmlik qurilish ishlari bajarilib, oʻsish surʼati oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 107 foizdan ziyodni tashkil etgani ham yaqqol tasdiqlaydi.

Bu yil qurilish sohasi uchun haqiqatan ham har tomonlama sinovli va gʻoyat masʼuliyatli davr boʻlganiga hammamiz guvohmiz.

Dastlab Buxoro viloyatida, soʻngra “Sardoba” suv omborida yuz bergan tabiiy ofat va toshqin oqibatlarini bartaraf qilish, ijtimoiy obyektlarni tiklash va taʼmirlash, ming-minglab oilalar uchun zamonaviy uy-joylar barpo etish ishlarida bunyodkor azamatlarimiz haqiqiy matonat va shijoat namunalarini koʻrsatdilar.

Eng muhimi, bu ishlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarning mohir quruvchilari va muhandislari bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilib, xalqimizga xos ahillik va birdamlik, hamjihatlik fazilatlarini, biz chindan ham yagona oila farzandlari ekanimizni yana bir bor amalda namoyon etdilar.

Shu yilning mart oyidan buyon respublikamizda qatʼiy karantin talablari oʻrnatilgan tahlikali bir vaziyatda quruvchilarimiz koʻzga koʻrinmas bu baloga qarshi qahramonona kurashayotgan shifokorlarimiz va boshqa soha vakillari bilan birgalikda strategik ahamiyatga ega boʻlgan maxsus qurilish obyektlarini bunyod etayotganlari har qancha tahsinga sazovordir.

Xususan, gʻoyat qisqa fursatlarda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 4 ming oʻrinli koʻp tarmoqli maxsus shifoxona, Yuqori Chirchiq tumanida aholini vaqtincha karantinda saqlash majmuasi kabi oʻnlab inshootlar hamda taqsimlash punktlari barpo etildi.

Mamlakatimizning eng chekka hududlarida ham qad rostlagan bunday majmualar bugungi kunda pandemiyani jilovlash, bu ogʻir kasallikka chalingan minglab vatandoshlarimizning hayotini saqlab qolishda beqiyos ahamiyatga ega boʻlmoqda.

Ayni vaqtda ulkan qurilish maydoniga aylangan Oʻzbekistonda quruvchilarimizning oʻz kasbiga mehri, burchiga sadoqati, gʻayrat-shijoati bilan boshqa koʻplab ijtimoiy obyektlarda ham bunyodkorlik ishlari jadal davom ettirilmoqda.

Bu haqda gapirganda, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk Gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlab poytaxtimizning Olmazor tumanida qad rostlagan Gʻalaba bogʻi tom maʼnoda tarixiy ish boʻlganini alohida taʼkidlash lozim. Koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqining har qanday qiyin sharoitda ham buyuk ishlarni amalga oshirishga qodir ekanini yaqqol namoyon etgan ushbu qurilish bugungi kunda xalqimizning fashizmga qarshi kurashda koʻrsatgan mislsiz qahramonligini tarix sahifalariga muhrlagan betakror majmuaga aylangani bilan har qancha faxrlansak arziydi.

Ana shunday salmoqli ishlarimiz qatorida Toshkent shahrining qoq markazida Adiblar xiyobonining yaxlit meʼmoriy ansambli yaratilgani maʼnaviy hayotimizdagi unutilmas voqea boʻldi.

Toshkent yer usti halqa metro yoʻli, Yunusobod va Sergelidagi yangi metro yoʻnalishlari, Yashnobod tumanidagi uch qavatli muhtasham koʻprik, Islom sivilizatsiyasi markazi va boshqa koʻplab muhim obyektlar siz, qoʻli gul quruvchilarimizning ulkan salohiyatingiz va mahoratingizdan dalolat berib turibdi.

Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan xalqimiz, ayniqsa, aholining kam taʼminlangan qatlamlari, yosh oilalar uchun arzon va shinam uy-joylar qurish dasturi izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilda ana shu dastur boʻyicha qishloq joylarda 12 mingdan ziyod, shaharlarda 18 mingdan ortiq koʻp xonali uy-joylar barpo etilmoqda.

Shuningdek, hozirgi vaqtda yurtimizda 2 ming 400 ga yaqin ijtimoiy obyekt, jumladan, 427 ta bogʻcha, 477 ta maktab, 216 ta sogʻliqni saqlash, 29 ta jismoniy tarbiya va sport muassasasi va 100 ga yaqin boshqa turli inshootlarda qurilish-montaj ishlari olib borilayotganini alohida qayd etish lozim.

Muhtaram doʻstlar!

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda qurilish sohasini tubdan takomillashtirish maqsadida uning huquqiy asoslarini mustahkamlashga katta eʼtibor qaratilayotgani sizlarga yaxshi maʼlum.

Xususan, oʻtgan uch yil davomida ushbu sohani tartibga soluvchi jami 33 ta qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Birgina joriy yilning oʻtgan davrida 6 ta qonun hujjati hayotga tatbiq qilingani bu borada boshlagan islohotlarimizning koʻlami naqadar kengligini koʻrsatib turibdi.

Qurilish ishlarida dunyoning rivojlangan davlatlari standartlariga mos boʻlgan yangi innovatsion texnologiya va yechimlarni qoʻllashga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Bu yoʻnalishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari samarali joriy etilib, “Shaffof qurilish” axborot tizimi ishga tushirilgani sohada korrupsiyaning, qogʻozbozlikning oldini olish, ish vaqtini tejashga xizmat qiladi.

Zamonaviy qurilish sohasi rivojini katta bilim va tajribaga ega, yetuk kadrlarsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Shu maqsadda ayni paytda Toshkent arxitektura-qurilish va Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutlarida 22 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 23 ta magistratura mutaxassisliklari boʻyicha malakali kadrlar tayyorlanmoqda.

Qurilish-pudrat tashkilotlarining faoliyatini takomillashtirish va qurilish ishlari sifatini oshirishga qaratilgan ishlar ham jadal davom ettirilmoqda. Jumladan, qurilish-pudrat tashkilotlarining faoliyatini baholash reytingi joriy etildi. Qurilish sohasi bilan bogʻliq barcha asosiy maʼlumotlarning yagona elektron bazasi shakllantirilayotgani ham bu borada sifat darajasining yaxshilanishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Shu bilan birga, qurilish industriyasini, qurilish mollari sanoatini yana-da rivojlantirish, shaharsozlik, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini zamonaviy yuksak mezonlar asosida takomillashtirish, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish, soha xodimlarining mashaqqatli va sharafli mehnatini munosib ragʻbatlantirish masalasi bundan buyon ham davlatimizning doimiy diqqat markazida boʻladi.

Aziz va muhtaram quruvchilar!

Barchangizni kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklar ekanman, ezgu faoliyatingiz va shaxsiy hayotingizda yangi yutuq va omadlar tilayman.

Xonadonlaringizga doimo tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka yor boʻlsin!

Qoʻlingiz aslo dard koʻrmasin, hamisha sogʻ-salomat boʻling!

 

Shavkat MIRZIYOYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Manba: O'zA

Поделиться