O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish borasidagi ishlar keskin tanqid qilindi
2020-08-05 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni energetika, transport, kommunal xo‘jalik va tibbiyot sohalarida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Byudjetga yukni kamaytirish va yirik loyihalarga xususiy sektorni jalb etish maqsadida 2018-yili Davlat-xususiy sheriklik agentligi tashkil etilgan edi, bu borada alohida qonun va 10 dan ortiq qarorlar qabul qilindi.
Shunga qaramasdan, hozirgi kunga qadar energetika, tibbiyot, kommunal xo‘jalik sohalarida hammasi bo‘lib bor-yo‘g‘i 9 ta yirik davlat-xususiy sheriklik loyihalari imzolangan. Bu ko‘rsatkich juda ham past, dedi davlatimiz rahbari.
Elektr energiyasi va tabiiy gazni iste’molchilarga sotishda davlat-xususiy sheriklikni joriy etish topshirig‘i berildi. Faqat shu orqali ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar o‘rtasida raqobatni ta’minlab, tannarx va yo‘qotishlarni kamaytirish mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasida 270 million dollarlik 14 ta loyihalarni jadallashtirishni tayinladi.
Ikki oy muddatda Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Toshkentda gemodializ markazlarini tashkil etish bo‘yicha tenderlarni yakunlash vazifasi qo‘yildi. Ushbu loyihalar doirasida yiliga 1 100 bemorning umrini 10 yilga uzaytirish imkoni yaratiladi. Gemodializ xarajatlari uchun byudjetdan yiliga 100 milliard so‘m ajratiladi.
Mamlakatimizda har yili 20 mingdan ziyod onkologik bemor ro‘yxatga olinadi. Mutasaddilarga yil yakuniga qadar 2 ta radioterapiya markazini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish topshirig‘i berildi. Shuningdek, yil yakuniga qadar Nurafshon shahrida “qurish – boshqarish – topshirish” prinsipi asosida 1 ming o‘rinli ko‘p tarmoqli klinik shifoxona tashkil etish bo‘yicha loyiha hujjatlari ishlab chiqish yuklatildi.
Transport va logistika tarmog‘i haqida gap ketar ekan, ushbu sohada ham amalga oshirilayotgan ishlar umuman qoniqarli emasligi qayd etildi.
Sohani rivojlantirishning keyingi davrida 27 milliard dollar talab etilishi ma’lum qilindi.
Misol uchun, bugungi kunda Qamchiq dovoni orqali Toshkentdan Andijonga borish uchun tirbandliklar sababli 5-6 soat vaqt sarflanadi, 22 ming avtomobil o‘tadi. Bu ko‘rsatkich kelgusi 5 yilda 40 mingga yetadi. “Toshkent-Andijon” pullik avtomobil yo‘li ishga tushgan taqdirda masofani bosib o‘tish 3 soatgacha qisqaradi, transport harakati esa 70 foizgacha oshadi.
Shu bois davlatimiz rahbari Qamchiq dovonida yangi tonnel qurish bo‘yicha tender-loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tender e’lon qilish muhimligini ko‘rsatib o‘tdi.
Xalqaro ekspertlarning tahliliga ko‘ra, O‘zbekistondagi mavjud aeroportlarni modernizatsiya qilish uchun o‘rtacha 800 million dollar talab etiladi. Shu munosabat bilan, Jahon banki bilan birgalikda Toshkent, Buxoro, Farg‘ona va Urganch aeroportlarini “paket prinsipi” (zarar bilan ishlayotgan havo portlarini foyda keltirayotganlari bilan sheriklikka berish) asosida sheriklikka berish bo‘yicha texnik topshiriqlar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Kommunal xo‘jalik sohasidagi loyihalar ham sinchiklab ko‘rib chiqildi. Tarmoqda islohotlar deyarli ko‘rinmayotgani, bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Hozirgi kunda 31 ta yirik va o‘rta shaharlar, 156 ta tuman markazlarining kanalizatsiya tizimini qurish hamda modernizatsiya qilish vazifasi turibdi. Kanalizatsiya tizimi Qarshida 45 foiz, Andijonda 37, Nukusda 30, Namanganda 10 foizga ta’minlangan.
Faqat 18 ta yirik va o‘rta shahar uchun xalqaro moliya tashkilotlarining 912 million dollari jalb qilingan. Hisob-kitobga ko‘ra, barcha kanalizatsiya loyihalari uchun 2 milliard 600 million dollar talab qilinadi. Xususiy sheriklar bilan birgalikdagi shahar kanalizatsiyasi modernizatsiyasi ham byudjetga yengillik bo‘ladi, ham xizmat sifati yaxshilanadi.
Undan tashqari, Buxoro, Namangan va Nukus shaharlari issiqlik ta’minotini sheriklikka berish modellari bo‘yicha takliflar kiritiladi.
Bosh vazir o‘rinbosarlari Jamshid Qo‘chqorov va Sardor Umurzoqovga har chorakda davlat-xususiy sheriklikdagi barcha loyihalarning ijrosini muhokama qilib, zarur choralarni belgilab borish vazifasi yuklatildi.
Keskin tanqidiy ruhda o‘tgan taqdimot yakunida mutasaddilarga muhokama qilingan ishlarni tashkil etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Davlat-xususiy sheriklik bilan bog‘liq masalalar Prezidentimizning shaxsiy nazoratida bo‘lishi qayd etildi.
Ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarning borishi xususida yaqin kunlarda mas’ullar davlatimiz rahbari huzurida tanqidiy-tahliliy hisobot berishlari belgilandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti