O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
ICESCO Bosh direktori bilan muzokaralar to‘g‘risida
2020-08-05 | Fan
2020-yil 4-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Sidikov videokonferensiya shaklida Islom olami fan, ta’lim va madaniyat masalari bo‘yicha tashkiloti (ICESCO) Bosh direktori Salim al-Malik bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va ICESKO o‘rtasidagi hamkorlikning holati va rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
ICESCOning yetakchi mutaxassislarini O‘zbekistonning ilmiy-tadqiqot markazlariga jalb qilish, qo‘shma xalqaro konferensiyalar tashkil etish, jahon tamadduni rivojiga hissa qo‘shgan o‘zbek olimlari haqida kitob nashr etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Ilg‘or tajriba almashish va innovatsion ta’lim usullarini joriy etish uchun xorij mutaxassislarini jalb etish, shuningdek, ICESCO tomonidan o‘tkaziladigan forum va anjumanlarda o‘zbekistonlik arab tili o‘qituvchilarining ishtirok etishiga qiziqish bildirildi.
Salim al-Malik O‘zbekistonning tarixiy islomiy obidalari va me’moriy yodgorliklarini Tashkilotning Islom merosi ro‘yxatiga kiritishga ICESCO tayyorligini ma’lum qildi.
Muzokaralar davomida maxsus onlayn video-teledasturlar va seminarlardan foydalangan holda pandemiya sharoitida o‘quv jarayonini davom ettirish yuzasidan ham fikr almashildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi