O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2020-07-30 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 28-iyul kuni Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) Boshqaruvchilar kengashining videokonferentsiya shaklida yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Bankka a’zo bo‘lgan 103ta mamlakatdan OIIB Boshqaruvchilari va Boshqaruvchilarining o‘rinbosarlari, Bank rahbariyati, xalqaro ekspertlar va boshqa yuqori martabali mehmonlar ishtirok etdilar.

Yig‘ilishni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin kirish so‘zi bilan ochib berdi va Bank aktsiyadorlarini taraqqiyotning yangi, ko‘p tomonlama moliyaviy institutining muvaffaqiyatli shakllanishi bilan tabrikladi.

Yillik yig‘ilishining kun tartibidagi asosiy masala OIIB prezidentini saylash bo‘ldi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra amaldagi prezident Szin Litsyun Boshqaruvchilar kengashi a’zolarining bir ovozdan qabul qilingan qaroriga asosan 2021-2025-yillar davriga Bank rahbari etib saylandi.

Shuningdek, yig‘ilish doirasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, unda global va mintaqaviy iqtisodiyotda ro‘y berayotgan tendentsiyalar, xalqaro iqtisodiy munosabatlarga COVID-19 ta’siri, pandemiya keltirib chiqargan muammolarni yengishda Bankga a’zo davlatlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi, shuningdek, korporativ strategiyani tayyorlashning holati muhokama qilindi.

Davra suhbati davomida OIIB faoliyatining qisqa va uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlari belgilandi, loyihalarni amalga oshirishda Bank tomonidan multiplikativ samaraga erishish imkonini beradigan tizimli yondashuv qo‘llanilishi zarurligi, shuningdek, OIIBga a’zo davlatlarda iqtisodiyotni tiklash bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish maqsadida muntazam ravishda fikr almashib turish lozimligi ta’kidlandi.

OIIB rahbariyati tomonidan Bankning 2019-yil yakunlari bo‘yicha hisobot, shuningdek, pandemiyaning iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etishda Bankka a’zo davlatlarni qo‘llab-quvvatlash doirasida ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobot taqdim etildi.

Yig‘ilish ishtirokchilariga 10 mlrd dollar miqdoridagi OIIB "COVID-19 inqirozidan keyish tiklanish" maxsus dasturining amalga oshirilishi to‘g‘risida ma’lumot berildi, bugungi kunga qadar dastur doirasida 12 ta mamlakatga moliyaviy yordam qo‘rsatish uchun 6 mlrd dollardan ortiq mablag‘ ajratildi.

Ushbu dastur doirasida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash va tadbirkorlikni rivojlantirish tizimini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun qariyb 300 mln dollar mablag‘ sarflanishi rejalashtirilmoqda. Umuman olganda, istiqbolli loyihalar to‘plami 10 ta mamlakatni qamrab oladi va hozirgi vaqtda tayyorlanish va ma’qullanish bosqichidadir.

2019-yilda OIIB tomonidan erishilgan asosiy yutuqlar haqida gapirganda, Bank rahbariyati to‘qqizta yangi aktsiyador-mamlakatlar a’zolikka qabul qilinganligini, mahalliy valyutada moliyalashtirish, kreditni qisman kafolatlash, o‘zgaruvchan spredli kreditlar va mustahkam valyutada kreditlar ajratilishini qamrab oladigan moliyaviy mahsulotlar turlarining kengayishini; o‘tgan yilga nisbatan investitsiyalar hajmi 12% o‘sganligini; qiymati 2,5 mlrd dollarga teng bo‘lgan besh yillik obligatsiyalar chiqarilganligini ta’kidladi. Obligatsiyalar chiqarilishi 27 mamlakatlardan 90 tadan ko‘proq investorlarning 4,4 mlrd dollar mablag‘larini jalb etishga imkon berdi.

O‘zbekiston Respublikasidan OIIB Boshqaruvchisi, Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov o‘z nutqida jahon iqtisodiyotida yuzaga kelgan vaziyat hukumatlar va taraqqiyot hamkorlaridan milliy, mintaqaviy va xalqaro miqyosda qat’iy va samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab qilayotganligini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan, hozirgi vaqtda OIIBga a’zo mamlakatlar va Bank tomonidan qo‘yidagi ustuvor sohalar va yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash juda muhim ekanligi qayd etildi: OIIBga a’zo mamlakatlarda kasallik orttirgan odamlar uchun o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha aholi ehtiyojlarini qondirish, shuningdek, infektsiya tarqalishini kamaytirish uchun yetarli darajada zahiralarni yaratish maqsadida sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash; soliq to‘lovlarining muddatini uzaytirish, aylanma mablag‘larini moliyalashtirish va tranzaktsiya xarajatlarini kamaytirish orqali tadbirkorlik sub'yektlari va infratuzilmaning barqaror ishlashini qo‘llab-quvvatlash; tashqi savdo va investitsiya oqimlarida paydo bo‘layotgan yangi to‘siqlarning salbiy ta’sirini kamaytirish, shuningdek, ijobiy iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish uchun uzilgan ta’minot zanjirlarini tiklash; rivojlanayotgan mamlakatlarning inqirozdan keyingi davrdagi ehtimoliy muammo va imkoniyatlarini har tomonlama baholash.

Shuningdek, yig‘ilish davomida Boshqaruvchilar kengashi Liberiya Respublikasining OIIB aktsiyadorlari safiga qo‘shilish to‘g‘risidagi arizasini ma’qulladi va 2021 yilning 27-28 oktyabr kunlariga rejalashtirilgan OIIB Boshqaruvchilar kengashining navbatdagi yillik yig‘ilishi o‘tkaziladigan joy sifatida Dubay (BAA) shahrini belgiladi.

Ma’lumot uchun: Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) Osiyo - Tinch okeani mintaqasida infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2014 yilning 24 oktyabrida tashkil etilgan. O‘zbekiston 2016 yil 29 noyabrdan OIIB a’zosi hisoblanadi. Ayni paytda Bank bilan birgalikda suv ta’minoti, kanalizatsiya, avtomobil yo‘llarini qurish va qayta ta’mirlash, temir yo‘llarni elektrlashtirish, hududlarda bazaviy infratuzilmani har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha qiymati 2,0 mlrd dollardan ziyod bo‘lgan qator keng ko‘lamli infratuzilma loyihalari ustida ish olib borilmoqda.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться