O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2020-07-30 | Iqtisodiyot

28-iyul kuni Anqara shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligidagi O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti F.Oktay va Turkiyaning asosiy vazirlik va idoralari rahbariyati bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv COVID-19 pandemiyasining ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlanishiga ko‘rsatayotgan salbiy ta’sirini minimallashtirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni, shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida investitsiya, savdo, transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Muzokaralar chog‘ida ikkala tomon ham pandemiyaning xalqaro iqtisodiy munosabatlarga salbiy ta’siriga qaramay, O‘zbekiston va Turkiya har ikki davlat rahbarlari belgilab bergan umumiy kelishuv va vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha faol ish olib borishayotganini ta’kidladilar.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari tomonidan Turkiya hukumatiga O‘zbekistonga tibbiy uskuna va o‘pkani sun’iy shamollatish apparatlarini yetkazib berish orqali koronavirus infektsiyasiga qarshi kurashishda o‘z vaqtida amaliy yordam ko‘rsatgani, shuningdek, Turkiya tibbiyot muassasalari professorlari tarkibidan ekspertlarning tashrifini tashkil qilgani uchun minnatdorchilik bildirildi.

Respublika aholisi orasida koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi munosabati bilan aholiga yordam ko‘rsatish masalalari bo‘yicha maslahatlar berish va tibbiy muassasalarni boshqarishda ko‘maklashish uchun turkiyalik shifokorlarning O‘zbekistonga tashriflarini tashkil qilishning imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari savdo-iqtisodiy sohada O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi bir qator hukumatlararo bitimlarini ratifikatsiya qilish protseduralari tugallanganligi to‘g‘risida fikr almashdilar. Ikki tomonlama idoralararo muvofiqlashtiruv natijasida hozirga qadar Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitim, Ikki tomonlama soliq solinishini oldini olish to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, Xalqaro kombinatsiyalangan yuk tashish to‘g‘risidagi bitim hamda Xalqaro yo‘lovchi va yuklarni tashish to‘g‘risidagi bitimlarning kuchga kirishiga erishilganligi ta’kidlandi. Bitimlar bilan shakllantirilgan platforma ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga imkon beradi. Jumladan, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro investitsiyalar va savdo hajmini tez sur’atlarda o‘sib borishi uchun ham zarur huquqiy maydon va shart-sharoitlar yaratiladi.

Shu nuqtai nazardan, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasini birgalikda ishlab chiqish doirasida o‘zaro hamkorlikni faollashtirish va loyiha bo‘yicha kelishish jarayonlarini qisqa muddatda yakunlash to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Transport-logistika sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi - O‘zbekiston va Turkiyani bog‘laydigan transport yo‘laklari orqali yuk tashish hajmining barqaror o‘sishini ta’minlash maqsadida ushbu yo‘laklar bo‘ylab “Yashil liniya” tezkor bojxona rasmiylashtiruvi tizimini yaratish masalasi ko‘rib chiqiladi. Mazkur tizim tovarlarni oldindan deklaratsiya qilish hamda immigratsiya, karantin va manfaatdor mamlakatlarning transport organlari o‘rtasida ma’lumotlarning elektron almashish mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutadi. Tashqi savdo, bojxona va transport organlari vakillaridan iborat maxsus qo‘shma ishchi guruhini tashkil etishga qaror qilindi. Guruh maqsadi ushbu tashabbus doirasida amaliy vazifalarni ishlab chiqish bo‘ladi.

Uchrashuv doirasida joriy yilning fevral oyida amalga oshirilgan yuqori darajadagi tashrif chog‘ida tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Harakatlar rejasi”ning bajarilishi ko‘rib chiqildi.

Ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralar sa’y-harakatlarini yaqindan muvofiqlashtirish orqali rejaning barcha bandlarini amalga oshirilishini tezlashtirishga qaror qilindi.

Shuningdek, uchrashuv yakunlariga muvofiq tomonlar Hukumatlararo qo‘shma iqtisodiy komissiya majlisini shu yil oxirigacha Toshkent shahrida o‘tkazishga kelishib oldilar.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться