O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yurtimizda koronavirusni davolash strategiyasi yangilandi

2020-07-27 | Sog‘liqni saqlash

Koronavirus pandemiyasi davrida bu “dushman” bilan kurashish, uni jilovlash va yengish nafaqat bir kishi yoki bir kasb egalarining, balki butun xalqning vazifasi hisoblanadi.

Mamlakatimizga bu virus kirib kelgan kundan boshlab maxsus choralar koʻrib kelinmoqda. Xususan, Respublika maxsus komissiyasi tuzildi, tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga oʻtkazildi, qisqa muddatda maxsus shifoxona va karantin zonalari qurildi, sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi, tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli darajada taʼminlandi.
 
Yurtimizda pandemiyaga qarshi kurash strategiyasi va taktikasi tubdan oʻzgartirilib, bu boradagi ishlar yangi bosqichga koʻtarildi. Hozirgi pandemiya sharoitiga mos eng kuchli, eng taʼsirchan vositalar ishga solinmoqda.
 
Shu vaqt mobaynida Prezidentimiz koronavirus bilan bogʻliq qator farmon va qarorlar qabul qildi. Ularga muvofiq, aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlari imkon darajasida qoʻllab-quvvatlanmoqda.
 
Shuningdek, bu kurashda davlat va xususiy tibbiyot tizimi, barcha idoralarning doimo safarbar holatda va samarali ishlashi, shifokorlarning fidoyiligi, xalqimizning ongliligi bizning asosiy qurolimiz boʻlib turibdi. Tezkor va muntazam safarbarlik, temir intizom, tibbiy madaniyat, yuksak onglilik bilan biz bu ofatga qarshi kurashmoqdamiz.
 
Bu virus bilan kasallanganlarni davolash uchun tashkil etilgan maxsus shifoxona va karantin zonalarida faoliyat olib borayotgan shifokor va hamshiralardan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Coronavirus Yordam” Telegram–botda Toshkent tibbiyot akademiyasining malakali professor-oʻqituvchilari faoliyat olib borishmoqda. “Coronavirus yordam” Telegram–boti Toshkent tibbiyot akademiyasida tashkil etilgan boʻlib, ushbu jarayonga akademiyasining 68 nafar professor-oʻqituvchilari operator sifatida jalb etilib, aholini qiziqtirgan savollarga onlayn javob olishlari uchun 24 soatlik uzluksiz ish rejimi tashkil etilgan. Maxsus telegram bot orqali kuniga 2000-3000 nafar fuqarolarning murojaatlariga javob berilmoqda.
 
Bundan tashqari, Toshkent tibbiyot akademiyasining 100 nafar koʻngilli talaba-yoshlaridan iborat “salomatlik posbonlari” targʻibot guruhi tashkil etildi.
 
Ular bir oy mobaynida Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida targʻibot ishlarini olib bordi. Natijada, jami 17 757 ta yakka tartibdagi uy-joylar, 29 ta mehmonxona, 9 ta sanatoriy, 31 ta bolalar oromgohi, 59 ta vazirlik va idoralarning oromgohi, 2 ta sport-sogʻlomlashtirish maskani, 1 ta togʻ kurorti, 402 ta oilaviy mehmon uylari hamda 3 701 ta dala hovli (dacha)da karantin qoidalariga rioya etilishi yuzasidan nazorat ishlari olib borildi.
 
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 15-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi tufayli vujudga kelgan epidemiologik vaziyat” yuzasidan oʻtkazilgan video selektor yigʻilishida har bir bemorga eʼtiborni kuchaytirish, ularni davolash sifatini yaxshilash va ayniqsa, ogʻir bemorlar bilan maxsus shugʻullanishga katta eʼtibor qaratish, aholida tushayotgan murojaatlarga oʻz vaqtida malakali javob berish hamda bemorlar uchun yangi davolash oʻrinlarini koʻpaytirish topshirigʻi berildi. Ushbu topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent viloyati tuman va shaharlari Toshkent tibbiyot akademiyasining kafedralariga biriktirildi va xodimlar 2020-yilning 17-iyulidan joylarga safarbar etildi. Kafedra mudirlari va professor-oʻqituvchilari biriktirilgan tumanlarga borib tuman tibbiyot birlashmalari boshliqlari bilan birgalikda ishchi guruh aʼzosi sifatida tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasini, shuningdek ajratilgan binolarni COVID-19 ga gumon qilingan va COVID-19 yengil formasi bilan kasallangan bemorlarni davolovchi provizor shifoxonasiga aylantirilishini, tashkillashtirilgan Call markazlari ishini hamda uyda davolanayotgan bemorlarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini nazorat qilish va amaliy yordam berish borasida ishlarni amalga oshirishmoqda.
 
Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va aholi salomatligini tiklash borasida tezkorlik bilan bir qancha amaliy ishlar olib borilmoqda. Bugun tuman hokimi U.U.Yalgashev boshchiligida 3 oylik zaxirani jamlash uchun 948 million soʻmlik dori-darmonga qilingan shartnomaga binoan dorilarning bir qismi tuman tibbiyot birlashmasining markaziy dorixonasiga keltirildi. Shuningdek, 150 million soʻmlik 100 dona kislorod baloni olib kelish uchun tadbirkorlar bilan shartnoma imzolandi. 75 million soʻm mablagʻ hisobiga tumandagi barcha tibbiyot xodimlari uchun maxsus himoya kiyimlari, qoʻlqop va niqoblar keltirildi. 22.09.2020-yil holati boʻyicha tumanda Covid 19 bilan ogʻrigan bemorlarning umumiy soni 145 ta. Hozirda provizor klinikasida 56 ta bemor davo muolajalarini olmoqda. Uy sharoitida davolanayotgan bemorlar soni 84 ta, toʻliq tuzalgan bemorlar 48 ta.
 
Hozirgi kunda Toshkent viloyati tuman va shaharlari tibbiyot birlashmalari Call markazlarida Toshkent tibbiyot akademiyasining biriktirilgan kafedralarining professor-oʻqituvchilari markazlarga aholidan tushayotgan isitma boʻyicha, dori-darmon boʻyicha, tez yordam brigadalariga doir, mobil guruhlar faoliyatiga doir murojaatlariga javoblar bilan bir qatorda mutaxassis sifatida maslahatlar ham berishmoqda.
 
Muhtaram Prezidentimiz soʻzi bilan xulosa qiladigan boʻlsak, “Pandemiyaga qarshi kurash – har birimizning vijdon ishimiz”, “Oʻzim, oilam, farzandlarim sogʻligʻi uchun avvalo oʻzim javobgarman”, degan fikrlarni xalqimiz ongiga chuqur singdirish, barchamiz hamjihatlikda, chuqur masʼuliyat bilan tizimli ishlasak, bu ogʻir sinovlarni albatta yengamiz. Bugungi kundagi eng muhim talab - barchamiz pandemiya sharoitida yashash va ishlashga oʻrganishimiz shart.
 
Laziz Toʻychiyev, 
Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori

Manba: O'zA

Поделиться