O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Barqaror rivojlanish maqsadlari va barqaror ijtimoiy rivojlanish: o‘zaro hamkorlikning yangi tajribasi
2020-07-23 | Jamiyat
21 iyul kuni Xalqaro mehnat tashkilotining Global sammiti doirasida «BRM va barqaror ijtimoiy rivojlanish» mavzusida BMTning 75 yilligiga bag‘ishlangan videokonferentsiya bo‘lib o‘tdi.
Muhokama O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot dasturi tomonidan tashkil etildi.
Unda milliy parlamentning ikkala palatasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining turli tuzilmalari, JSST, XMT, O‘zbekistonning qator vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuvni ochib berar ekan, mamlakatimiz parlamenti quyi palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov va BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Xelena Freyzer barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladilar. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov, JSST Bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus, JSSTning mintaqaviy direktori Xans Klyuge, Afrikaning ustuvor masalalari va tashqi aloqalar bo‘yicha Bosh direktorining yordamchisi Eduard Firmin Matoko, YuNESKO Bosh direktori Odri Azulay videokonferentsiya qatnashchilariga tabrik nutqi bilan murojaat qildilar.
Shuningdek, XMT bosh direktorining o‘rinbosari - XMTning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy byurosi direktori Xaynts Kollerning videomurojaati tinglandi. X.Koller pandemiya nafaqat sog‘liqni saqlash sohasidagi inqiroz ekanligini, balki butun dunyo iqtisodiyoti va jamiyati uchun chuqur zarba bo‘lganligini ham ta’kidladi. Bu holat dunyo hamjamiyatini BRM 8 ning munosib mehnat va boshqa maqsadlarga erishish borasidagi yutuqlaridan uzoqlashtirish xavfini tug‘diradi. Shu bilan birga, Xaynts Koller ta’kidlaganidek, inqiroz keng qamrovli, muvofiqlashgan va samarali ko‘p tomonlama choralarni talab qiladi.
X. Koller o‘z nutqida 1 iyulda bo‘lib o‘tgan XMT mintaqaviy sammitida ishtirok etgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanovga minnatdorchilik bildirdi.
Xaynts Koller hukumatning odatdagi davrda ham, inqiroz davrida ham munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholab, «O‘zbekiston siyosiy sadoqat va yetakchilikni namoyish qildi» deya ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda milliy mehnat bozorining eng dolzarb muammolari, aholining zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy muloqot va xalqaro hamkorlikning yangilangan yo‘nalishlarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xulosa o‘rnida X.Koller Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekiston hukumati va ijtimoiy sheriklarni «BRM maqsadlariga erishish yo‘lidagi yana bir qadamni tezlashtirish uchun» qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ta’kidladi.
Tadbirning birinchi sessiyasida pandemiyadan keyin O‘zbekistonda BRMga erishish uchun sa’y-harakatlarni kuchaytirish zaruriyati bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining yordamchisi va BMTTD boshqaruvchisining maxsus maslahatchisi Abdulay Mar Dye ushbu davrda ko‘zda tutilgan vazifalarning alohida dolzarbligiga videokonferentsiya ishtirokchilarining e’tiborini qaratdi.
Videokonferentsiya ishtirokchilariga «COVID-19 dan keyin BRMlarni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekistonning ixtiyoriy milliy sharhi» taqdim etildi. So‘ngra «Inson huquqlari 2030 yilgacha bo‘lgan muddatda kun tartibida: O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha kengashga kiritilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ixtiyoriy majburiyatlari» mavzusida ma’ruza tinglandi.
XMTning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha byurosi direktorining o‘rinbosari Holud Al-Haldiy barchaga munosib mehnatni ta’minlashga qaratilgan barqaror taraqqiyot sohasidagi 8-maqsadining har tomonlama tahlilini taqdim etdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda BRMni amalga oshirish iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning keng ko‘lamli dasturiga to‘g‘ri keldi, bu esa mehnat bozoriga, shuningdek, mamlakatda bandlik darajasi va sifatiga ham ta’sir qiladi. So‘nggi yillarda mamlakatda amalga oshirilgan keng qamrovli va tarkibiy islohotlar tufayli O‘zbekistonda deyarli barcha BRMga erishishda sezilarli yutuqlar qo‘lga kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov ishtirokchilarni COVID-19 dan keyingi davrda munosib mehnat sharoitlarini yaratish sohasidagi tajribalar bilan tanishtirdi. U sammit ishtirokchilariga Prezident Sh.M. Mirziyoyev rahbarligida hukumat tomonidan bandlikni rag‘batlantirish, ish o‘rinlari va ishchilar daromadlarini saqlash, sohada xavfsizlik va gigiyena ta’minoti, kamsitish va ijtimoiy chetlashning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli inqirozga qarshi choralar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
Xususan, O‘zbekistonda XMT ko‘magida 2030 yilgacha mehnat bozori uchun muhim strategik hujjat bo‘lgan Milliy bandlik strategiyasini shakllantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borildi. Vaqtincha ish bilan ta’minlash xizmatlarining qamrovi va yo‘nalishini kengaytirish uchun Jamoat ishlari jamg‘armasi tomonidan 450 milliard so‘m (25 million AQSh dollari) miqdorida mablag‘ ajratildi. Pandemiyaning uch oyi davomida 230 mingga yaqin ishsiz fuqarolar Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga ish bilan ta’minlandi.
Uy-joy qurish va qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tashkil etish uchun kam ta’minlangan oilalarni subsidiyalash mexanizmi ishlab chiqildi, buning natijasida 40 mingdan ortiq oila daromad bilan ta’minlandi. Aholi o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha subsidiyalar ajratilishi hisobiga 3 ming ishsiz ish bilan ta’minlandi. Ishsizlik nafaqasini olish tartibi soddalashtirildi. Ishsizlik nafaqasini yangi tartib bo‘yicha 20 mingga yaqin ishsiz fuqarolar foydalanishdi. Umuman olganda, uch oy davomida muvofiqlashtirilgan ishlar natijasida vazirlik 374 ming fuqaroni bandlik va doimiy daromad bilan ta’minladi.
Pandemiya paytida ishchilarni ish joylarida himoya qilish bo‘yicha ham chora-tadbirlar ko‘rildi va korxonalarda sanitariya me’yorlari va mehnat xavfsizligi bo‘yicha tizimli monitoring tashkil etildi.
Mehnat inspektorlarining kuzatuv guruhlari 5757 ta korxonaga tashrif buyurishdi. «1176» qisqa raqamli ishonch telefoni bilan alohida «Callcenter» tashkil etildi. Davlat mehnat inspektsiyasi tomonidan fuqarolarning mehnat qonunlari buzilishi va ish joyidagi kamsitish to‘g‘risidagi 8,2 mingta, shu jumladan ayollardan 3 mingta murojaat ko‘rib chiqildi. O‘tkazilgan tekshiruvlar natijalariga ko‘ra, 3,6 ming fuqaroning, shu jumladan 1,2 ming ayolning mehnat huquqlari tiklandi.
Pandemiya sharoitida ishchilarni zudlik bilan «masofaviy» ish rejimiga o‘tkazish zarurligini inobatga olgan holda, vazirlik «Ishchilarni uzoqdan ishlashga o‘tkazishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risida nizom»ni joriy etdi. Homilador ayollarga, keksa yoshdagi va imkoniyati cheklangan insonlarga, surunkali kasalliklarga chalinganlarga masofadan turib ishlash huquqidan foydalanishda ustuvorlik berildi.
Shuningdek, Nozim Xusanov O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan inqirozga qarshi choralar Xalqaro mehnat tashkilotining pandemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha to‘rtta asosiy tamoyillariga to‘liq mos kelishini ta’kidlab o‘tdi: 1) iqtisodiyotni va bandlikni rag‘batlantirish; 2) korxonalar, ish o‘rinlari va daromadlarni qo‘llab-quvvatlash; 3) ishchilarni ish joylarida himoya qilish; 4) ijtimoiy muloqot.
Global sammit doirasida pandemiya sharoitida va undan keyingi davrda o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha muhokamalar davom etadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi