Namangan tumanidagi “Asadbek gʻisht sanoati” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoshida tashkil etilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonasida 70 turdagi tuzlama, meva sharbati va tomat pastasi ishlab chiqarilmoqda.
Bundan uch yil ilgari korxona 25 nafar ishchi bilan faoliyat boshlagan boʻlib, hozirda bu yerda mehnat qilayotgan kishilar soni 90 nafarni tashkil etmoqda.
Korxonaning qayta ishlash, qadoqlash, quritish va saqlash sexlarida tayyorlanayotgan bodring, achchiq qalampir, pomidor tuzlamalari, tomat pastasi, oʻrik, gilos, shaftoli, anjir, smorodina, malina, behi kabi sarxil mevalar sharbati va murabbolari mamlakatimizdan tashqarida ham xaridorgir. Xususan, joriy yilning ayni davriga qadar 100 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulot xorijga eksport qilindi. Joriy yil oxirigacha bu raqamni 500 ming AQSH dollariga yetkazish koʻzda tutilgan.
Yaqin kunlarda mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish maqsadida MCHJning qayta ishlash tarmogʻiga “Asakabank” viloyat boʻlimining 890 ming dollar qiymatidagi moliyaviy koʻmagi bilan Turkiyadan yangi uskunalar olib kelinadi.
Hotam MAMADALIYEV olgan suratlar, OʻzA
Manba: O'zA