O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koronavirusga qarshi kurashish borasidagi ishlarni tanqid qildi hamda mas’ullarni ogohlantirdi
2020-07-16 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Koronavirus kasalligi yurtimizga kirib kelganidan beri davlatimiz rahbari epidemiologik holatni jiddiy nazoratga olib, deyarli har bir yig‘ilishda bu masalaga to‘xtalib o‘tmoqda. 14-iyul kuni bo‘lib o‘tgan selektorda ham joylarda bu boradagi ishlar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning hisoboti eshitilgan edi. Ularning hozirgi murakkab vaziyatni to‘g‘ri baholay olmayotgani, xavfni tushunib yetmayotgani ayonlashdi.
Ayniqsa, Toshkent shahri va poytaxt viloyatida hokimlar va sektorlar rahbarlari ishonib topshirilgan hududlardagi haqiqiy ahvolni o‘rganmagan, dedi 15-iyuldagi yig‘ilishda davlatimiz rahbari. “Tibbiyot muassasalaridagi real vaziyatni bilmaydi. Aholini virusdan ogohlantirish va saqlash, kasallarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri davolash uchun mas’uliyatni his qilmagan.”
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ham, keyingi bir oyda koronavirusni davolash strategiyasi va taktikasi keskin buzilgan, real holatdan kelib chiqib, davolash amaliyoti o‘zgartirilmagan.
Toshkent shahrida kasallikni aniqlaydigan testlar va zarur tibbiyot vositalari yetishmayapti. Dorixonalarda virus va isitmaga qarshi preparatlar narxi asossiz, bir necha barobar oshirib yuborilgan, bu esa aholi orasida ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Ayni paytda Toshkent shahri shifoxonalarida 418 ta, Toshkent viloyatida esa 816 ta shtat birliklari bo‘sh turgani vazirlik va hokimiyat tomonidan joriy vaziyat o‘z holiga tashlab qo‘yilganidan dalolat beradi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, aholi koronavirus va boshqa kasalliklar bo‘yicha qayerga borib murojaat qilishni va davolanishni bilmay, sarson bo‘lmoqda. Shoshilinch tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilib tushish qiyinlashib ketgan.
Virus yuqtirganlar soni poytaxtda 4 ming 92 tani va Toshkent viloyatida 1 ming 498 tani tashkil etmoqda. Bu butun mamlakat bo‘yicha kasallarning 40 foizi deganidir. Toshkent shahrida koronavirusdan o‘lim soni ham keskin ko‘payib, 45 taga yetgan.
Prezident bunday achinarli holatlar aholining haqli shikoyat va e’tirozlariga sabab bo‘layotganini ta’kidladi.
Koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash bo‘yicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani, epidemiologik vaziyatning salbiy o‘zgarishlariga tayyor bo‘lishni ta’minlamagani, bu kasallik bilan “pastga tushib” mukammal shug‘ullanmagani uchun Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga hayfsan e’lon qilindi. Shahar va viloyatning barcha sektor rahbarlari jiddiy ogohlantirildi.
Respublika maxsus komissiyasiga bu ikki hududda koronavirus tarqalishiga qarshi kurash va aholini davolash ishlariga aloqador barcha vazirlik va idoralar, yirik tibbiyot muassasalari rahbarlaridan iborat 24 soat ishlaydigan shtablar tashkil qilish ko‘rsatmasi berildi. Ushbu shtablar vaziyatni real vaqt rejimida nazorat qilib, yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish choralarini ko‘radi.
Shuningdek, Toshkent shahri va poytaxt viloyatidagi poliklinikalar huzuridagi mobil guruhlar sonini uch barobar ko‘paytirish vazifasi yuklatildi.
Zangiota tumanida yaqinda ish boshlagan shifoxonadagi joy sonini yana 1000 o‘ringa ko‘paytirish topshirig‘i berildi.
Poytaxtimizda dori-darmon yetkazilishi va narxi barqarorligini ta’minlash, shoshilinch tibbiy yordam xizmati va koll-tsentrlar ishini samarali tashkil etish, COVID-19 bilan ishlayotgan tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, kasallar uchun qo‘shimcha o‘rinlar tashkil etish, shuningdek, karantin hududlaridagi shaxslarni uy karantiniga bosqichma-bosqich o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi, zarur choralar belgilandi.
Aholidan murojaatlar soni keskin ortib borayotganini hisobga olib, koll-tsentrlar aloqa vositalari va operatorlari sonini kamida ikki barobarga oshirish lozimligi ta’kidlandi.
Toshkent shahar hokimligiga kamida 3 oylik dori-darmon va himoya vositalari zaxirasini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.
Hozirgi sinovli vaziyatda kundalik ehtiyoj mollari va zaruriy oziq-ovqat mahsulotlarining yetarli bo‘lishi, narxlari asossiz oshib ketmasligi juda muhim. Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga bu masalani qat’iy nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Pandemiyaga qarshi kurashish, karantin qoidalariga amal qilish, ijtimoiy masofani saqlashning ahamiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda bu borada qilinayotgan kundalik ishlarni xolis va tezkor yoritish muhimligi ta’kidlandi.
Koronavirus kasalligini davolash bilan bog‘liq barcha jarayonlarga, jumladan, Toshkent shahridagi ishlarga mas’ullar biriktirildi.
- Yana bir bor ta’kidlayman. Ayni paytda butun dunyo, shu jumladan, biz ham ko‘rinmas dushman bilan chin ma’noda urush olib boryapmiz. Bu virusning barcha xavf va xatarini to‘g‘ri baholab, har tomonlama tayyorgarlik ko‘rib kurashsak, uni albatta yengamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti