O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Orolbo‘yi mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast jamg‘armasi Boshqaruv qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2020-07-14 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 14-iyul kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) shafeligida tashkil etilgan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasi Boshqaruv qo‘mitasining 4-chi yig‘ilishi videokonferentsiya shaklida bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishga Bosh vazir o‘rinbosari - O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer hamraislik qildilar.

Yig‘ilishda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari B.Abidov, BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili M.Dimovska, UNISEFning O‘zbekistondagi doimiy vakili S.Graumann hamda BMT agentliklari, donor tashkilotlar va nodavlat sektori vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida 2019-yilning dekabr oyida o‘tkazilgan Trast jamg‘armasining birinchi qabuli doirasida loyihaviy moliyalashtirish uchun taqdim etilgan talabnomalarni baholash natijalari ko‘rib chiqildi. Talabnomalarni birinchi qabuli doirasida umumiy qiymati 3,1 mln dollarga teng bo‘lgan 2 loyiha, shu jumladan, Orolbo‘yi hududlaridagi bir qator aholi yashash punktlarida suv ta’minoti tarmoqlarini qurish va suv tozalash inshootlarini qayta ta’mirlash hamda Orol dengizi tubining qurigan qismida himoya o‘rmonzorlarini ekish imkoniyatlarini o‘rganish uchun ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish bo‘yicha BMTTD va UNESCO qo‘shma loyihasi tasdiqlandi va moliyalashtirildi. Ikkinchi loyiha - YuNISEF va YuNFPAning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri  va tumanlarida perinatal muassasalarni zamonaviylashtirish bo‘yicha tashabbusidir. Ta’kidlash joizki, mazkur loyihalarning sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishi Trast jamg‘armasining texnik kotibiyati tomonidan olib borilayotgan doimiy monitoring evaziga ta’minlanmoqda.

Shu o‘rinda bugungi kunda Orol inqirozining salbiy oqibatlarini yumshatish chora-tadbirlariga katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2019-2021-yillarga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi. Dastur sog‘liqni saqlash tizimi, qurilish, to‘qimachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat, sayyohlik va kimyo sanoatini rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 1,5 milliard dollarlik 1000 dan ortiq loyihani o‘z ichiga oladi.

Shuningek, O‘zbekiston Respublikasining 2020-2022-yillardagi Investitsiya dasturi doirasida Qoraqalpog‘istonda umumiy qiymati 3,4 mlrd dollarlik 28 ta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Mintaqani yanada rivojlantirish bo‘yicha kompleks ishlarning ustuvor yo‘nalishlari sanoatni rivojlantirish, turli sohalarda katta va kichik ishlab chiqarishlarni tashkil etish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, qishloq xo‘jaligida ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, aholi va ishlab chiqarish korxonalari uchun qulay zamonaviy infratuzilma yaratish, shuningdek, Orolbo‘yi aholisining yashash darajasi va sifatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni qabul qilish hisoblanadi.

Ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan tashabbuslar, jumladan, Orol dengizining qurigan qismida va mintaqaning qolgan hududlarida himoya o‘rmonzorlarini ekish bo‘yicha ishlar alohida ta’kidlandi - hozirgi paytda ushbu loyiha doirasida 100 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, ekilgan maydon 2019-2020-yillarining faqat qish-bahor davrida 1,2 mln gektarga yetkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi hukumati nomidan Finlyandiya vakillariga Jamg‘armaga 1 mln yevro miqdoridagi hissasi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasiga Jamg‘armaga qo‘shgan 5 mln yevro miqdoridagi hissasi uchun alohida minnatdorchilik bildirildi. Yaqin kunlarda Koreya Respublikasi hukumati bilan Jamg‘armaga 1 mln yevro miqdorida hissa qo‘shish to‘g‘risida ham bitim imzolanishi kutilayotganligi ma’lum qilindi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida “Yoshlik”, “Innovatsiya” va “Sog‘liqni saqlash” yo‘nalishlarida 12,4 mln dollarlik 3 ta loyihani moliyalashtirish uchun ikkinchi qabul doirasida ishlab chiqilgan va taqdim etilgan talabnomalar ko‘rib chiqildi. Bundan oldin ushbu talabnomalar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati, BMT agentliklari, tadqiqot institutlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining vakillaridan iborat bo‘lgan baholash qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilib, Trast jamg‘armasining talablariga muvofiq deb topildi va belgilangan tartibda tasdiqlandi.

Mo‘ynoq tumanida ko‘p tarmoqli kasalxona qurilishi bo‘yicha loyiha alohida qayd etildi, uning amalga oshirilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi shimoliy hududlarining eng ko‘p zarar ko‘rgan aholisining tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi. Loyiha sheriklar tomonidan jiddiy qo‘llab-quvvatlandi va yaqin kelajakda yakuniy texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqilishi bilan ikkinchi qabul doirasida ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, UNISEF va BMTTD vakillari Boshqaruv qo‘mitasining 2019-yilning 3-iyundagi ikkinchi yig‘ilishining qaroriga binoan tasdiqlangan loyihalarning borishi to‘g‘risida qisqacha taqdimot qildilar.

Boshqaruv qo‘mitasining 2019-yil 16-dekabrdagi qarori bilan tashkil etilgan Trast jamg‘armasining platformasida Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish bo‘yicha Maslahat qo‘mitasining birinchi yig‘ilishini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi. Maslahat qo‘mitasi Orolbo‘yi mintaqasi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning turli jihatlari bo‘yicha hukumat, fuqarolik jamiyati va rivojlanish bo‘yicha sheriklar o‘rtasida konstruktiv muloqot uchun yagona platforma bo‘lishga mo‘ljallandi.

Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi hukumati va BMT, shuningdek, uning ixtisoslashgan agentliklari o‘rtasida Trast jamg‘armasidan Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirishning turli jihatlari bo‘yicha axborot almashish, muloqot, mavjud ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda bilim va innovatsion yondashuvlar vositasi sifatida samarali foydalanish maqsadida tizimli hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

Ma’lumot uchun: Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha Ko‘psheriklik Trast jamg‘armasi 2018-yilda BMT shafeligida tashkil etilgan innovatsion moliyaviy mexanizm hisoblanadi. Jamg‘armaning maqsadi - xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va donor hamjamiyatining mablag‘larini Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga qaratilgan murakkab chora-tadbirlarni amaga oshirishga safarbar etishdan iborat. Tashkil etilganidan buyon donorlar tomonidan Jamg‘armaga 11,2 mln dollar miqdorida mablag‘ ajratigan.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться