O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Osiyo taraqqiyot banki Prezidenti bilan muzokaralar o‘tkazildi
2020-07-14 | Iqtisodiyot
13-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov videokonferentsaloqa orqali Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Prezidenti M.Asakava bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Muloqot O‘zbekiston hukumati tomonidan aholini koronavirus tarqalishidan himoya qilish va pandemiyaning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy ta’sirini minimallashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar doirasidagi joriy hamkorlikni muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Suhbat chog‘ida M.Asakava O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimining sifatli va uzluksiz ishlashini ta’minlash, maxsus tibbiy muassasalar va karantin zonalarini tashkil etish, aholiga tibbiy va moddiy yordam ko‘rsatish, makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash va pandemiya sharoitida tashqi iqtisodiy faoliyatni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.
Shuningdek, Bank rahbariyati ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekistonga kelgusida yordam ko‘rsatishga sodiqligini bildirdi. Xususan, koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish, shuningdek, Sirdaryo viloyatining shikastlangan infratuzilmasini tiklashga qaratilgan choralarni moliyalashtirish davom ettiriladi.
OTB Prezidenti O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi va sanitariya-epidemiologiya xizmatini modernizatsiya qilish va jihozlash uchun 100 mln dollar miqdorida yangi kreditni ma’qullash bo‘yicha tayyorgarlik ishlari yakunlanayotganigini ma’lum qildi. Kredit joriy yilning avgust oyi boshida ma’qullanishi kutilmoqda. Shuningdek, ushbu loyihani amalga oshirish uchun birgalikda moliyalashtirish asosida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining 100 mln dollarlik mablag‘lari jalb etilishi ma’lum qilindi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, energetika, infratuzilmaviy qurilish va xususiy sektorni rivojlantirish sohalaridagi qo‘shma loyihalarning joriy holatini hamda ularni amalga oshirishni tezlashtirish mexanizmlarini alohida muhokama qildilar.
Muzokaralar yakunida OTB bilan amaldagi Hamkorlik dasturi doirasidagi faol hamkorlikni davom ettirish va 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan yangi Dastur bo‘yicha kelishish ishlarini boshlab yuborishga qaror qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi