O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Elchisi Hindiston Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
2020-07-09 | Siyosat
2020-yil 8-iyul kuni Hindiston Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Elchisi Dilshod Axatovning Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Nath Kovindga ishonch yorliqlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan suhbat chog‘ida Hindiston Prezidenti ikki va ko‘p tomonlama shakllarda, shuningdek, COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashdagi samarali hamkorlikni qayd etdi.
So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida investitsiya, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
Hindiston rahbari 2021-2022-yillarda BMT Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga Hindiston nomzodini qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekistonga samimiy minnatdorlik izhor etdi va xalqaro tashkilotlar doirasida konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirishga ishonch bildirdi.
Ram Nath Kovind O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 30-sentabr – 1-oktabr kunlari Hindistonga davlat tashrifi chog‘ida bo‘lib o‘tgan uchrashuvni samimiy qayd etdi va davlatimiz rahbariga chuqur hurmat va eng yaxshi tilaklarini izhor etdi.
Hindiston Prezidenti Hindiston va O‘zbekistonni ko‘p asrlik umumiy tarix, yaqin va do‘stona rishtalar bog‘lab turadigan strategik sheriklar ekanligini ta’kidladi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi