O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Transport sohasiga axborot texnologiyalarini joriy qilish — davr talabi
2020-07-08 | Texnologiyalar
“Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” uchun qabul qilingan Davlat dasturida bir qator yirik vazifa va loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Joriy yil 28-aprelda “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilingan edi. Qarorda belgilangan vazifalarni sifatli amalga oshirish uchun qator chora-tadbirlar belgilangan.
Bugungi kunda ushbu qaror asosida barcha iqtisodiy va ijtimoiy sohalarga raqamli texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Ushbu dasturning eng dolzarb yo‘nalishlaridan biri transport sohasidir.
Shubhasiz, transport infratuzilmasining rivojlanishi shahar va aholi punktlari uchun alohida o‘rin tutadi, hayot sifatini belgilashda asosiy ko‘rsatqichlardan biri hisoblanadi. Shu bois transport sohasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan loyihalar ham mazkur qarorda o‘z aksini topgan.
Masalan, mazkur hujjatda aks ettirilgan eng dolzarb va ustuvor loyihalardan biri — xorijiy kompaniya va mutaxassislarni jalb etgan holda Toshkent va Samarqand shaharlarining transport tizimini kompleks rejalashtirish, matematik modellarini ishlab chiqish bo‘yicha kompleks axborot tizimini joriy etish hisoblanadi. Mazkur loyihaning amaliyotga tatbiq etilishi, shubhasiz, yirik shaharlarimizning izchil rivojlanishiga turtki beradi, ularning turistik jozibadorligini yanada oshiradi.
Transport sohasiga oid ikkinchi muhim loyiha — yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarini ochiq tenderlar orqali tashuvchilarga biriktirish bo‘yicha elektron axborot tizimini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishdir. Mazkur loyiha transport tarmog‘i rivojiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi, ya‘ni mazkur sohada shaffoflik va ochiqlikni ta’minlagan holda raqobatbardoshlikni oshiradi, sohani tartibga kelishiga xizmat qiladi.
“Elektron hukumat” kompleks dasturi doirasida transport sohasini yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan loyihalar, shubhasiz, juda dolzarb va muhim ahamiyatga ega. Bu kabi yirik loyihaning amaliyotga tadbiq etilishi aholi uchun taqdim etilayotgan xizmatlarning sifatini oshirishga va fuqarolarimizning turmush darajasini yanada yuksalishiga turtki beradi. Transport sohasining rivojlanishi shaharlarimizning turistik salohiyati yanada yuksalishiga va milliy turizm brendi rivojlanishiga ko‘maklashadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi