O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Amerika va Kanada turoperatorlari O‘zbekistonga sayohat tiklanishini kutishmoqda
2020-07-03 | Turizm
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov mamlakatimiz ijobiy imijini targ‘ib qilish va chet ellik sayyohlarning yurtimizga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash doirasida AQSh va Kanadadagi sayyohlik agentliklari uchun onlayn brifingda ishtirok etdi. Tadbirga O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov moderatorlik qildi.
Brifingda AQSh va Kanadaning O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo mamlakatlariga sayohatlar tashkillashtirishga ixtisoslashgan yetakchi sayyohlik kompaniyalari rahbarlari, shuningdek madaniy-gumanitar doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Tadbir avvalida ishtirokchilarga mamlakatdagi pandemiya holati va epidemiologik vaziyatni normallashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, hukumatning chet ellik sayyohlarni qabul qilish uchun zarur bo‘lgan infratuzilmani to‘liq tayyorlashga oid faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbariyati tomonidan pandemiyada xalqaro turizmni rag‘batlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, AQSh va Kanadadan turistik oqimlarni qayta tiklash istiqbollari, xorijiy sayyohlik agentliklari va turistlarga qo‘yiladigan talablar va tavsiyalar, mamlakatda sayyohlar xavfsizligini ta’minlash shart-sharoitlari hamda O‘zbekiston ichki turizmini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan birga, sohadagi tadbirkorlik sub'yektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganligiga urg‘u berildi. Asosiy vazifa mehmonxonalar, sayyohlik kompaniyalari, mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari yopilishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat ekanligi ta’kidlandi.
Ulug‘bek Azamov brifing ishtirokchilariga joriy yilning 1-iyunidan boshlab mamlakatning «yashil» va «sariq» mintaqalari ichki turizm uchun ochilishi, shuningdek, joriy yilning 15-iyunidan boshlab xorijiy mamlakatlardagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatdan kelib chiqib, xavf darajasi bo‘yicha «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratilgan holda xalqaro reyslar qayta tiklanishi haqida so‘z yuritdi. AQSh va Kanada turizm sohasi vakillari respublikamizda sohani qo‘llab-quvvatlashga doir ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga katta qiziqish bildirishdi va turizmni qayta tiklashning turli jihatlariga oid savollar berishdi. Turizm sohasini tiklashni jadallashtirish va uni rivojlantirish uchun yangi vositalarni shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar, turizm biznesi uchun berilgan imtiyozlar, preferentsiyalar, Andijon, Buxoro va Urganch aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimini kengaytirish, shuningdek, turizm infratuzilmasini rivojlantirishni rag‘batlantirish chora-tadbirlariga yuqori baho berildi.
Dunyo standartlari asosida ishlab chiqilgan “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” sayyohlar uchun yangi sanitariya-epidemiologik xavfsizlik tizimi loyihasi videokonferentsiya ishtirokchilarida alohida qiziqish uyg‘otdi. O‘zbekistonda sayyohlar xavfsiz bo‘lishlarini ta’minlash uchun barcha sayyohlik ob'yektlarida sanitariya-gigiyena normalarining yagona talablar kiritilganligi ta’kidlandi. O‘zbekistonning AQShdagi faxriy konsuli Kerol Lopez ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi haqidagi postlarning sezilarli darajada ko‘payganiga e’tibor qaratdi. O‘z navbatida, Ulug‘bek A’zamov respublikada milliy brendni ommalashtirish maqsadida mahalliy va xorijiy OAV vakillari hamda blogerlar uchun qator maqsadli tadbirlar amalga oshirilayotgani, bu esa O‘zbekiston to‘g‘risidagi postlarning ko‘payishiga turtki berganini ta’kidladi. Bundan tashqari, raqamli media-olamning rivojlanishi va so‘nggi 3 yil ichida mamlakatimizga tashrif buyurgan chet ellik sayyohlar sonining ko‘payishi ham Internet tarmoqlarida o‘zbek kontentining faollashuviga sabab bo‘ldi.
AQSh madaniy-gumanitar doiralari vakillari O‘zbekiston-Amerika do‘stlik jamoalarini mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Sietldagi o‘zbek diasporasi faoli Fazliddin Shamsiyev Toshkent bilan do‘stlik aloqalarini kengaytirish uchun barcha imkoniyatlarini safarbar qilishi va mahalliy turoperatorlarni O‘zbekistondagi yangi imkoniyatlardan xabardor qilishga tayyor ekanini qayd etdi.
“San Diego Metro” jurnali muharriri Martin Kruming San-Diyego shahri vakillari va O‘zbekistonning tarixiy shaharlaridan biri o‘rtasida do‘stlik hamjamiyatini yaratishga qiziqish bildirdi. Uning fikricha, bunday ittifoq Amerika shahrida o‘zbek brendini mustahkamlashga va O‘zbekistonga sayohat qiluvchi amerikaliklar sonini oshirishga yordam beradi.
Tadbir natijalariga ko‘ra, Amerika qit’asidan O‘zbekistonga turistik oqimni tiklash, epidemiologik vaziyat barqarorlashishi bilan AQSh va Kanada sayyohlik kompaniyalari uchun mamlakatimizga maxsus o‘rganish safarini tashkil etish, taklif etilayotgan sayyohlik yo‘nalishlari ko‘lamini kengaytirish maqsadida muntazam muzokaralar olib borishga kelishib olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi