O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Vazirlikda suv sporti turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi trenerlar kengashining ochiq yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2020-07-03 | Sport

Joriy yil 2-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligida Suv sporti turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi trenerlar kengashining ochiq yig‘ilishi o‘tkazildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov olib borgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi xodimi Shavkat Sultanov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Suv sporti turlari bo‘yicha ROSMM direktori Komil Xolmatov hamda trenerlar kengashi a’zolari va sportchilar ishtirok etdi. Yig‘ilishni Zoom platformasi orqali MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov ham kuzatib bordi.

Dastlab Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bosh mutaxassisi Akrom Nizametdinov suv sporti turlari bo‘yicha ROSMM a’zolarining 2018 yildan 2020 yilning o‘tgan davriga qadar erishilgan yutuqlari haqida hisobot taqdim etdi. Unda qayd etilishicha, baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha milliy terma jamoa a’zolari 2018-yilda o‘tkazilgan turli xalqaro musobaqalarda jami 226ta (shundan 119ta oltin, 66ta kumush, 41ta bronza) medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2019-yilda ushbu ko‘rsatkich atigi 19tani (11ta oltin, 6ta kumush, 2ta bronza) tashkil etgan.

Akademik eshkak eshish sportida esa vakillarimiz 2018-yilda jami 14ta (8ta oltin, 3tadan kumush va bronza) medalga sazovor bo‘lgan. 2019 yilga kelib yutuqlar salmog‘i ortdi hamda sportchilarimiz 18ta (10-7-3) medal bilan taqdirlanishdi.

Tokio olimpiadasiga esa ushbu sport turlaridan vakillarimiz bugungacha atigi 5ta (shundan uchtasi paralimpiya yo‘nalishi) yo‘llanmani qo‘lga kiritgan.

Ochiq yig‘ilishda so‘zga chiqqan akademik eshkak eshish bo‘yicha terma jamoa bosh treneri Vyacheslav Didrix shu kungacha amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib, ushbu yo‘nalishdan Tokio olimpiadasiga kamida to‘rtta yo‘llanmani qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilganligi va buning uchun imkoniyatlar yetarli ekanligini bildirdi.

Shuningdek, baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha terma jamoa a’zolari ham XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga yana kamida 3-4ta yo‘llanma olish uchun real imkoniyatga egaligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda sportchi, trener hamda Suv sporti turlari bo‘yicha ROSMM o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, trenerlar kengashining ish yuritish uslubi va lozim bo‘lsa tarkibini ham qayta ko‘rib chiqish, sohaga yosh, iqtidorli trenerlarni jalb qilish, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ilg‘or zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, selektsiya ishlarini yanada kuchaytirish, qolaversa mamlakatimizda suv sporti turlari bilan shug‘ullanuvchilar geografiyasini kengaytirish, milliy terma jamoalarning yetakchi sportchilariga munosib zaxira tayyorlash borasida ham takliflar berilib, ular asosida «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqish tavsiya etildi.

Barcha orziqib kutayotgan to‘rt yillikning nufuzli sport anjumani - Tokio-2020 olimpiadasi pandemiya sababli bir yilga kechiktirildi. Biroq, bu bilan sport hayoti to‘xtab qolgani yo‘q. Qolaversa, berilgan imkoniyatdan unumli foydalangan holda sportchilarimiz har bir kunni g‘animat bilib, mashg‘ulotlarga yanada zo‘r berishmas ekan, Olimpiya o‘yinlarida ko‘zlangan maqsadga erishishlari amri mahol.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi

Поделиться