O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi Xalqaro zaytun kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi
2020-07-02 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 1-iyul kuni O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Xalqaro zaytun kengashi (XZK)ning videokonferentsiya shaklidagi 111-sessiya ishida kuzatuvchi maqomida ishtirok etdi.
XZK 1959-yili tashkil etilgan. Shtab-kvartirasi Ispaniya poytaxti Madrid shahrida joylashgan. Bugungi kunda 44 mamlakat mazkur tashkilotga a’zo bo‘lib, ushbu mamlakatlar zaytun ishlab chiqaruvchilarning 98 foizini hamda zaytun va zaytun moyi savdosi bozorining 80 foizini qamrab oladi. Hozirgi paytda Yevroittifoqning barcha mamlakatlari, shuningdek, Albaniya, Jazoir, Argentina, Buyuk Britaniya, Misr, Gruziya, Isroil, Iordaniya, Eron, Livan, Liviya, Marokash, Falastin davlati, Tunis, Turkiya, Urugvay va Chernogoriya tashkilotning a’zolari hisoblanadi.
Tashkilotning asosiy vazifasi tashkilotga a’zo davlatlarga zaytun sanoatini rivojlantirishda keng moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatishdir.
Tashkilot selektsion materiallar, mutaxassislar, ilg‘or agrotexnika usullari hamda zaytunni yetishtirish va qayta ishlashda umumiy xalqaro standartlarni qabul qilish yo‘li bilan zaytun va zaytun moyi ishlab chiqaruvchi mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun yagona platformadir.
Vazir Jamshid Xodjayev o‘z nutqida O‘zbekistonda zaytun sanoatini rivojlantirish uchun istiqbol mavjudligini va o‘zbek fermerlarining ushbu ekinni yetishtirishga qiziqishi ortib borayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, u mintaqamiz uchun yangi noan’anaviy ekinlar yetishtirish orqali mazkur tarmoqning qo‘shimcha qiymat zanjirini yaxshilash va qishloq joylarida yashovchi aholi farovonligini oshirish uchun qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilishning o‘ta muhimligini aytib o‘tdi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi mamlakat uchun yangi sanoatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Xalqaro Zaytun kengashiga to‘la huquqli a’zolik masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Yig‘ilish davomida XZK mamlakatlari, xususan, Gruziya, Turkiya, Isroil, Misr, Livan, Argentina, Urugvay va YeI mamlakatlari O‘zbekistonning ushbu tashkilot ishidagi tashabbusi va qiziqishini samimiy qo‘llab-quvvatladilar hamda amaliy yordam berishga va zaytunchilikni rivojlantirishda tajriba almashishga tayyorliklarini bildirdilar.
Kengashning navbatdagi yig‘ilishi shu yilning noyabr oyida Iordaniyada o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi