O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlarga taʼlim berish platformasi — “TexnoBus” ishga tushirildi
2020-07-02 | Innovatsiya
Respublikamizning chekka hududlarida mamlakatimiz rivojlanishi uchun muhim boʼlgan sohalarga qiziquvchi yoshlarga taʼlim berishga moʼljallangan “TexnoBus” texnologik mobil taʼlim platformasiga Innovatsion rivojlanish vaziri oʼrinbosari Oybek Norinboev tomonidan 30-iyun – Yoshlar kunida start berildi.
“TexnoBus” taʼlim platformasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich tashkil etilayotgan Yoshlar texnoparkining asosini yaratish va unda faoliyat olib boruvchi iqtidorli yoshlar jamoasini shakllantirish maqsadida ishlab chiqildi. “TexnoBus” barcha qulayliklarga ega boʼlib, kerakli zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan. Toʼgʼridan-toʼgʼri elektr tarmogʼi, elektr toki generatori va akkumulyator orqali quvvat olish imkoniga ega «OʼzOtayoʼl» rusumli taʼlim avtobusi bir vaqtning oʼzida 12 nafar oʼquvchini oʼqitish imkoniga ega.
Innovatsion taʼlim platformasida yoshlarga quyidagi sohalar boʼyicha taʼlim beriladi:
- robototexnika va elektronika;
- 3D prototiplashtirish;
- muqobil energiya manbalari;
- dasturlash;
- VR/AR va boshqa interaktiv yoʼnalishlar.
Birinchi tashrif Toshkent viloyati Ohangaron shahriga uyushtirildi. Ohangaron shahrining iqtidorli yoshlariga ilk mahorat darslari Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktori oʼrinbosari Аkbarxon Sobirxonov hamda Iqtidorli yoshlar bilan ishlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Аzizbek Ilhomov tomonidan oʼtkazildi. Mahorat darslarida hududdagi 20 nafardan ortiq tashabbuskor yoshlar ishtirok etdilar.
Bundan tashqari, mahorat darslari yakunida tashrif buyurganlar uchun Yoshlar akademiyasi va Ohangaron shahrida tashkil etilayotgan Yoshlar texnoparki boʼyicha maʼlumotlar, ularda yaratilayotgan imkoniyatlar va shart-sharoitlar tushuntirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi