O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Yoshlarga murojaati
2020-07-01 | Yoshlar
Qadrli yoshlar!
Avvalo, barchangizga oʻzimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etishga ruxsat bergaysiz.
Bugun sizlarning qalbingiz, yuragingizdagi oʻy-fikrlar, maqsad-muddaolar, kerak boʻlsa, ushalmay turgan niyatlar bilan yaqindan tanishish, shu asosda yoshlar siyosati boʻyicha olib borayotgan ishlarimizni baholab, tegishli qarorlar qabul qilishni men oʻz faoliyatim uchun gʻoyat muhim deb hisoblayman.
Oʻzbekiston yoshlar mamlakati.
Ozod va obod diyorimiz butun dunyo miqyosida ana shunday eʼtirof etilmoqda. Shunga monand kelajagimiz egalari kamoli, yosh avlodning har jihatdan yetuk, jismonan sogʻlom, intellektual salohiyatli, maʼnan barkamol ulgʻayishi uchun beqiyos imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
30-iyun - “Yoshlar kuni” ham butun mamlakatimiz boʻylab ana shunday eʼtibor va gʻamxoʻrliklar ifodasi sifatida keng nishonlandi.
“Yoshlar kuni”ning mamlakatimizda keng nishonlanishi oʻsib kelayotgan avlodni Vatanga sadoqat ruxida tarbiyalovchi, ularni yuksak marralarga chorlovchi beqiyos ragʻbat boʻlib xizmat qilmoqda.
Taʼkidlab oʻtish joizki, hozirgi kunda kelajagimiz egalari boʻlmish yoshlarga alohida ahamiyat berib kelinmoqda. Yoshlarni qilgan mehnati, erishgan yutuqlariga yarasha ragʻbatlantirish, ular orasidan bilimli, halol va jonkuyar xodimlarni rahbarlik lavozimlariga tayinlash juda muhim vazifa sifatida eʼtirof etilmoqda.
Bir oy davom etgan “Yoshlar oyligi” chin maʼnoda yosh avlodni oʻylantirib kelayotgan koʻplab masalalar va muammolar yechimiga xizmat qiladigan, aksariyat savollarga amaliy javob beradigan, bir soʻz bilan aytganda, yoshlarni ezgu maqsadlar yoʻlida birlashtiradigan, ertamiz egalarining qalbida ishonch uygʻotadigan foydali tadbirga aylanmoqda.
“Yoshlar oyligi”ni keng nishonlashdan asosiy maqsad, mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha yoshlarning qalbida shu yurtga nisbatan daxldorlik hissini uygʻotish, tashabbuskor va isteʼdodli yoshlarning uz iqtidorlarini namoyon etishiga imkon yaratish, ijtimoiy nofaol yoshlarni turli sohalarga yoʻnaltirgan xolda jamiyatda uzlarining munosib oʻrinlarini topishlari uchun koʻmaklashishdan iborat.
Oʻzbekiston aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etishi xalqimiz, davlatimizning bebaho boyligiga aylantirgan. Ular uchun barcha shart-sharoit, imtiyozlar, imkoniyatlar va qulayliklar eshigi keng ochilib, yoshlarga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda.
2017-yilning 2-dekabrida yangi bino qayerda qurilishi kerakligi degan savol qoʻyilganda davlatimiz rahbari Olmazor tumaniga tashrif buyurganida, “Talabalar shaharchasida minglab talabalar, oʻqituvchilar bor, ularga sharoit yaratishimiz kerak. Innovatsiya yoshlardan chiqadi. Ularga bir maydoncha yarataylik. Yangi tashkil qilingan Innovatsiya vazirligi ham shu yerda joylashsin va bu yerda ilmiy-amaliy markaz, zamonaviy laboratoriyalar boʻladi”, deb topshiriq bergan edilar. Mana 3 yildan soʻng bu ixtirochilar uyi tayyor boʻldi.
Vazirlik bejiz Talabalar shaharchasiga joylashtirilmadi. Bu yerdagi oliy oʻquv yurtlarida minglab iqtidorli yoshlar, tadqiqotchilar, olimlar bor. Ularni jalb etib, qoʻllab-quvvatlab, har bir sohada yangilik yaratish kerak.
Vazirligimiz binosi Oʻzbekistonning yoshlari, ixtirochilari hamda yangi innovatsion gʻoya va texnologiyalarga qanday ochiq ekanligini koʻrsatadi.
Binoning yertoʻla qavatida aerokosmik tadqiqotlar va 3D prototiplashtirish boʻyicha ikkita yangi oʻquv laboratoriyasi, xodimlar uchun trenajyor va tibbiy xizmat koʻrsatish xonalari bor. Aerokosmik tadqiqotlar laboratoriyamizda esa oʻquvchilar yer sunʼiy yoʻldoshini oʻzlari yigʻib, uchirib koʻrishlari mumkin. Kutubxonamizda uch mingdan ortiq kitoblar, besh mingdan ziyod QR-kodli kitoblar, Alisher Navoiy nomidagi kutubxonadan toʻgʻridan-toʻgʻri 100 mingdan ortiq kitobni maxsus texnologiyalar yordamida koʻchirib olish imkoni bor.
1 qavatdan 3 qavatgacha boʻlgan koʻrgazmalar zali, robototexnika burchagi, ilgʻor laboratoriyalar, co-working markazlar yurtimizdagi olimlar, startapchilar hamda iqtidorli yoshlar ehtiyojlariga toʻliq topshirilgan.
Vazirlik binosidagi interaktiv studiyada onlayn darslar, vebinarlar oʻtkazish, videodarslar yozish mumkin. Bu studiya yoshlarni oʻqitish, masofaviy muloqot orqali joylardagi mutaxassislar malakasini oshirishda ham qoʻl keladi. Vazirlik binosida videomuloqotlar, mahorat darslari, guruh-guruh boʻlib muhokamalar oʻtkazish mumkin.
Davlatimiz tomonidan odamlarni ilm-fanga qiziqtirish va ragʻbatlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Vazirlikning yangi zamonaviy binosida buning uchun barcha sharoit muhayyo. Iqtidorli yoshlar bu yerda eng soʻnggi ishlanma va texnologiyalar bilan tanishish barobarida startap loyihalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi.
Yangi joyga koʻchib oʻtish nafaqat manzilni oʻzgartirish, balki faoliyatimiz falsafasini oʻzgartirishdir!
Oʻzingiz ham bilasiz fanda ilmiy nashrlar bilan bir qatorda, tijoratlashtirilishi va sanoat miqyosida ishlab chiqarilishi mumkin boʻlgan ixtirolar alohida qadrlanadi. Aynan shunday ixtirolarni yaratilishi jarayoniga Innovatsion rivojlanish vazirligi ham oʻz hissasini qoʻshmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 30-avgustdagi PQ-4433-son qaroriga muvofiq, yoshlarni ilmiy faoliyatga yana-da kengroq jalb etish, yosh isteʼdod egalarini tayyorlab borish hamda ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy yoʻnalishlarini yana-da rivojlantirish maqsadida vazirligimiz huzurida “Yoshlar Akademiyasi” tashkil etildi. Ushbu akademiyaga ilm-fan sohasida, mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega sohalar boʻyicha faoliyat yuritayotgan 1200 nafardan ortiq yoshlar jalb etildi.
Yoshlar akademiyasining 4 ta platformasi aʼzolari geologiya, biologiya, qishloq xoʻjaligi, kimyo sanoat, sunʼiy intellekt, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, robototexnika va mexatronika, dasturlash, sanoat dizayni va 3D modellashtirish sohalari boʻyicha 100 dan ortiq loyihalarini amalga oshirmoqdalar.
Hududlarda faoliyat yuritayotgan iqtidorli yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida esa har bir hududda Yoshlar texnoparklari barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu oʻrinda Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi ham iqtidorli yoshlarga oid saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlamoqda.
Jumladan:
Oʻzlarining innovatsion gʻoyalariga ega talabalar, yosh olimlar va tashabbuskor fuqarolarni izlab topish va ragʻbatlantirish maqsadida “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishonining 2020-yil uchun tanlovi;
Iqtidorli va tashabbuskor yoshlarning loyihalarini qoʻllab quvvatlash hamda moliyalashtirish maqsadida 2020-yil uchun eng yaxshi 20 ta startap loyihalar tanlovi.
Ilm-fanni milliy qadriyat sifatida shakllantirish, yosh avlodning taʼlimga boʻlgan qiziqishini orttirish maqsadida “Yoshlar ilm-fan uchun” kreativ videoroliklar tanlovi.
Oʻzbekiston Respublikasida COVID-19 pandemiyasi oqibatlarini yumshatish, ularni hal etishda innovatsion vositalar va yechimlar ishlab chiqish, Oʻzbekistonning barcha hududlarida pandemiya oqibatlaridan zarar koʻrayotganlarga yordam berish maqsadida tashkil etilgan “Covid-19 challenge 2020” innovatsion yechimlar va vositalar uchun onlayn tanlovi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi iqtidorli yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2020-yil yakuniga qadar matematika, kimyo, biologiya va geologiya yoʻnalishlari boʻyicha “Scopus” xalqaro ilmiy maʼlumotlar bazasi boʻyicha bittadan eng yuqori Xirsh indeksiga erishgan 40 yoshgacha boʻlgan olimlarga Yoshlar akademiyasining Iqtidorli yoshlarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bir martalik toʻlanadigan 100 mln. soʻm miqdorida mukofot berilishi koʻzlangan.
Yosh olimlarning amaliy va innovatsion loyihalarini amalga oshirishlariga koʻmaklashish, ularni amaliyotga joriy etilishini ragʻbatlantirish maqsadida umumiy qiymati
30 mlrd. soʻmlik “yosh olimlarning amaliy, innovatsion loyihalar” tanlovi tashkil etildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi