O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hamkorlik rishtalari mustahkamlanib boraveradi
2020-07-01 | Iqtisodiyot
Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazida yurtimizda faoliyat yuritib kelayotgan KOPIA (Korea Program on International Agriculture) markazi markazi rahbari doktor An Xe Sungning mamlakatimizdagi faoliyati yakuniga yetganligi munosabati bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari-ilmiy markaz bosh direktori Bahodir Xoliqov tadbirni kirish so‘zi bilan ochar ekan, ikki mamlakat o‘rtasidagi samimiy va o‘zaro teng manfaatli bo‘lgan hamkorlik barcha sohalarda rivojlanib borayotganligi, shu jumladan qishloq xo‘jaligi va ilmini yuksaltirish borasida olib borilayotgan hamkorlik yuqori samara berayotganligini ta’kidladi. - Ayniqsa, KOPIA tashkiloti bilan hamkorligimiz judayam ijobiy bo‘lmoqda. Birgina o‘tgan yilda ushbu tashkilotning chorvachilik, uzumchilik, sholichilik, don va dukkakli ekinlar sohasida jami 1,7 mln AQSh dollari qiymatida grant mablag‘lari jalb qilindi. KOPIA markazi bilan hamkorlikda 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan qiymati 1,4 mln AQSh dollari bo‘lgan “Qishloq xo‘jaligi bilimlarini tarqatish (Extension) markazi tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Joriy yilning yakuniga qadar ilmiy-tadqiqot institutlari negizida Andijon, Jizzax, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida “Qishloq xo‘jaligi bilimlarini tarqatish (Extension) markazlari tashkil etish ko‘zda tutilgan. KOPIA markazi rahbari doktor An XE Sung bugun o‘zining mamlakatimizdagi faoliyatini yakunlayapti. Biz u kishiga samarali hamkorolik uchun minnatdorlik bildirib, kelgusi faoliyatida muvaffaqiyat tilaymiz, - dedi Bahodir Xoliqov.
- Tashkilotimiz yurtingizda 2009 yilda ish boshlagan bo‘lsa, o‘tgan davrda qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashtirilgan bir qator ilmiy institutlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Natijada ko‘plab istiqbolli loyihalar ijrosiga kirishdik. Xususan, yurtingizda sifatli kartoshka yetishtirib, uni eksportga tayyorlash, bug‘doy va jo‘xorini chatishtirish orqali chorva mollari uchun to‘yimli ozuqa bo‘ladigan yangi donli ekin navini yaratish, sifatli marmar go‘sht yetishtirish loyihalari shular sirasidan. Qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan yirik loyihalar haqida so‘z yuritganda, Andijon viloyatida yo‘lga qo‘yilgan soya yetishtirish, Toshkent viloyatidagi uzumchilik loyihalarini alohida qayd etish joiz. Faoliyatim yakunida shuni aytishim kerakki, O‘zbekiston-betakror yurt. Bu zaminda yetishtiriladigan noz-ne’matlarning ta’miyu mazasini boshqa joyda topib bo‘lmaydi.. Odamlari mehribon. Men O‘zbekistondagi olti yillik faoliyatimni umrimning eng mazmunli davri deb hisoblayman. Markazlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik esa bundanda rivojlanib boraveradi, - dedi uchrashuv yakunida doktor An Xe Sung.
Shuningdek davra suhbatida Janubiy Korea Respublikasi elchixonasi vakillari va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) vakillari ham ishtirok etishdi.