O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“C5+1” shaklidagi yuqori darajadagi uchrashuv to‘g‘risida
2020-07-01 | Siyosat
2020-yil 30-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov “Markaziy Osiyo – AQSh” (“C5+1”) videokonferensiyasida ishtirok etdi.
Tadbirda, shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov va AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo ishtirok etdilar.
Tomonlar mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, zamonaviy tahdid va xatarlarga, jumladan, koronavirus tarqalishiga qarshi kurashning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
COVID-19 pandemiyasi sharoitida global o‘zgarishlarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston TIV rahbari raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, milliy transport strategiyalarini muvofiqlashtirish, qishloq xo‘jaligida innovatsiyalarni rag‘batlantirish, mintaqa mamlakatlarining energetika salohiyatini kengaytirish, Markaziy Osiyoning ekologik og‘ir mintaqalarida ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni yaxshilash, xususan Orolbo‘yini innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirish kabi yo‘nalishlardagi hamkorlikka urg‘u berishni taklif qildi.
Abdulaziz Kamilov O‘zbekiston tomoni xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini ilgari surish bo‘yicha faol harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlarining nutqlarida “C5+1” shakli Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ilgari surish platformasi sifatida o‘zining ahamiyati va dolzarbligini namoyish etishda davom etayotganligi tasdiqlandi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi