O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
MDH Iqtisodiy Kengashining navbatdagi 86-yig‘ilishi yakunlari to‘g‘risida
2020-06-30 | MDH
2020-yilning 30-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi raisligida videokonferensaloqa shaklida Mustaqil Davlat Hamdo‘stligi Iqtisodiy Kengashining navbatdagi 86-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda MDH ishtirokchi mamlakatlari hukumat rahbarlarining o‘rinbosarlari, iqtisodiy yo‘nalishdagi vazirlik va idoralari rahbarlari, shuningdek MDH Ijroiya qo‘mitasi rahbariyati ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida MDH mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy holati va COVID-19 pandemiyasi salbiy oqibatlarini minimallashtirish bo‘yicha ehtimoliy kollektiv choralar haqida fikr almashdilar.
Moskva shahrida Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi hududida MDHga a’zo davlatlarning ko‘rgazma-savdo markazlarini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot eshitildi.
Tadbir yakunida iqtisodiyot, moliya, transport, sog‘liqni saqlash, veterinariya va boshqa sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha 15 ta qaror qabul qilindi.
Xususan, Xalqaro tashishlarda transport xavfsizligini ta’minlash strategiyasi, saraton kasalligiga qarshi kurashish, intellektual mulk bozorini shakllantirish va rivojlantirish, hamda veterinariya sohasidagi hamkorlik konsepsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejalari loyihalari ma’qullandi.
Tomonlar Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Iqtisodiy Kengashining navbatdagi 87-yig‘ilishini 2020-yil sentabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatladilar.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi