O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aholi va tabdirkorlik sub'yektlari qo‘llab-quvvatlanmoqda
2020-06-30 | Jamiyat
Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan hududdagi tumanlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini kambag‘allikdan chiqarish, ularni doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun zarur choralar ko‘rilmoqda.
Hozirda 4-sektor hududidagi Oltinsoy, Boysun va Sariosiyo tumanlarida 116 409 ta oilada 502,3 ming kishi istiqomat qiladi. O‘rganishlar natijasida 6 388 ta oilada moddiy yetishmovchiliklar mavdujligi aniqlandi. Shulardan 1 302 ta oila boquvchisi karantin talablarining yumshatilishi bilan o‘z ishlariga qaytdi. Olib borilgan amaliy choralar natijasi o‘laroq yana 2 654 ta oila a’zolarining bandligi ta’minlandi.
Bugungi kunda sektor hududida 2 432 ta kambag‘al oila mavjud. 174 ta oilada mustaqil daromad topish imkoniga ega bo‘lmagan shaxslar istiqomad qiladi. Oilalarning 2 258 tasida esa 2 345 nafar mehnatga layoqatli ishsiz kishilar bor.
Ayni paytdagi mavjud mehnat resurslari hisobiga 2281 nafar (93,7 %) kambag‘al oila a’zolarini ish bilan ta’minlash imkoni mavjud. Bu boradagi ishlar allaqachon boshlab yuborilgan.
Xususan, Oltinsoy tumanida Respublika Kasaba uyushmasi mablag‘i hisobidan 500 ta oilaga gilam to‘qish dastgohi yasab berilyapti. Tumanda 100 ga yaqin xotin-qiz gilam to‘qishga o‘rgatilyapti.
Bugunga qadar 3410 nafar yigit-qiz turli sohalarga ishga joylashtirildi. Yil yakuniga qadar 3682 nafar yoshlar kasanachilik, qishloq xo‘jalik kooperativlari, korxona va tashkilotlar hamda tadbirkorlik yo‘nalishlariga ishga joylashtiriladi.
Amalga oshirilayotgan choralar nafaqat aholini ishli qilish, balki iqtisodiy nochor ahvoldagi tadbirkorlik sub'yektlarini ham qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Hozirda hududlarda 3 829 ta korxona faoliyat ko‘rsatadi. Karantin davrida ularning 1 960 tasi faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi. Talablarning yumshatilishi bilan 1 847 ta tadbirkorlik sub'yekti o‘z faoliyatini qayta boshladi.
Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida chiqarilgan Prezident Farmon va qarorlariga asosan pandemiya davrida 3 566 ta tadbirkorlik sub'yektiga 34,2 mlrd. so‘mlik soliq imtiyozlari taqdim etildi.
Sariosiyo tumanida 371 ta kambag‘al oila uchun 2 sotixli issiqxonalar qurilib, foydalanishga topshirilmoqda.
Tumandagi “Broyler parranda” korxonasi tomonidan yana 79 ta oilalarning har biriga 500 tadan 2000 tagacha 13 kunlik jo‘jalar berildi. Ularni 27-30 kun boqib, go‘shga tayyor bo‘lgach, har bir tovuq uchun 5-6 ming so‘mdan haq to‘lanmoqda. Shu asosda bitta oila bir oyda 2,5 mln. so‘mdan 10 mln. so‘mgacha daromadga ega bo‘lmoqda.
Aholining kambag‘al qatlamini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli tashabbuslar davlat soliq organlari tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi