O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlar akademiyasi – innovatsion kelajak binokorlari
2020-06-30 | Innovatsiya
2019-yilning sentabr oyida Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasi tashkil etilgan boʼlib, ushbu akademiyaning asosiy maqsadlaridan biri respublikamizning barcha hududlaridagi iqtidorli yoshlarni izlab topish hamda ularni mamlakatimiz taraqqiyoti uchun muhim boʼlgan sohalar boʼyicha amalga oshirayotgan loyihalarini har tomonlama qoʼllab-quvvatlash uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratishdan iborat.
Yuqoridagi maqsadlarga erishish uchun Yoshlar akademiyasi tomonidan respublikaning barcha hududlarida 20 dan ortiq targʼibot tadbirlari olib borildi, shuningdek 10 dan ortiq tanlovlar tashkil etildi. Ushbu ishlar natijasida hozirgi kunga kelib Yoshlar akademiyasining aʼzolari 1100 nafardan oshdi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib kelayotgan, oʼzlarining innovatsion va amaliy ishlanmalari bilan yoshlar orasida namuna sifatida samarali faoliyat yuritib kelayotgan Yoshlar akademiyasining eng faol va tashabbuskor jamoalari “Just Robotics”, “Lotus Engineering” va “Carwon” startap kompaniyalaridir.
“Just Robotics” startap kompaniyasi 2017-yilda faoliyatini boshlagan boʼlib, joriy yilinng yanvar oyida Yoshlar akademiyasining «Biznes vakillari» platformasi aʼzoligiga qabul qilingan. Ushbu jamoa robototexnika, elektronika va dasturlash yoʼnalishlari boʼyicha taʼlim berish bilan birgalikda bir qancha innovatsion ishlanmalar bilan respublika hamda halqaro miqyosidagi tanlovlar va koʼrgazmalarda ishtirok etib, koʼplab yutuqlarga erishgan. 2019-yili Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan eʼlon qilingan startaplar tanlovida «Tugʼma qoʼlsiz va hayoti davomida qoʼli amputatsiyaga uchragan nogironlar uchun bionik protezlar» loyihasi bilan qatnashib, gʼolib boʼldi. Hozirda ushbu kompaniyada 7 ta ish oʼrin yaratilgan va iqtidorli yoshlar jalb qilingan. “Just Robotics” jamoasi koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishga oʼz hissasini qoʼshish maqsadida oʼpkani sunʼiy shamollatish apparatlari uchun maxsus oksigenatsiya niqoblari, bakterial-viral filtrlar va Venturi klapanlar ishlab chiqib, sogʼliqni saqlash tizimiga joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Yoshlar akademiyasining yana bir aʼzo “Lotus Engineering” startap kompaniyasi uy sharoitida kiyimlar, bolalar oʼyinchoqlari va boshqa uy-roʼzgʼor buyumlaridagi bakteriya va hidlarni bartaraf etishga moʼljallangan “CleanBox” qurilmalarini ishlab chiqarish bilan shugʼullanadi. Ushbu loyiha Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan eʼlon qilingan Startaplar tanlovida qatnashib, gʼoliblikni qoʼlga kiritgan. Qurilmaning ishlash printsipi sodda boʼlib, buyumlarni qurilma ichiga solib bitta tugmachani bosish kifoya, qurilma avtomatik tarzda buyumlarni turli xil virus va bakteriyalardan zararsizlantirib beradi.
Yoshlar akademiyasining tashabbuskor jamoalaridan biri boʼlmish «Gʼoyalar generatori» platformasi aʼzosi “Carwon” jamoasi asosan elektronika sohasida innovatsion loyihalar ishlab chiqish bilan shugʼullanadi. Hozirgi kunga qadar jamoa tomonidan 6 taga yaqin loyihalar ishlab chiqilgan. Jumladan, avtomobillarni xavfsizligini taʼminlash maqsadida “Android” tizimida ishlash imkoniyatiga ega “Carwon smart security system” mobil ilovasi ishlab chiqilgan. Shuningdek, xona havosini almashishini taʼminlovchi “Smart fan system” tizimi, “Aqlli uy” xonadonlarning innovatsion dizayni kabi loyihalar yaratildi.
Mazkur loyihalar Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi aʼzolarining ilk loyihalaridir. Davlatimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan eʼtibor, ularning tashabbuslarini hayotga tatbiq etishda koʼrsatilayotgan gʼamxoʼrlik yangidan-yangi gʼoyalarning amalga oshishiga turtki bermoqda. Yoshlarimiz – Yangi Oʼzbekistonning yaratuvchilari, buguni va kelajagidir, ular innovatsiyalar va texnologiyalar yurtimiz kelajagini, aholimiz hayotini, boringki har birimizning kundalik yashash sharoitlarimizni qodir ekaniga ishonadi va bu yoʼlda tinmay mehnat qilishga tayyor. Yuqorida tilga olingan uchta yosh jamoaning faoliyati ham bunga yaqqol misoldir.
Firdavs Neʼmatzoda
Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshligʼi