Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida “Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo ishbilarmonlik kengashi”ni tashkil etish toʻgʻrisida oʻzaro hamkorlik memorandumini imzolashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Mazkur memorandum Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston Savdo-sanoat palatalari, shuningdek, “Koreya – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi kotibiyati va Koreya xalqaro savdo uyushmasi oʻrtasida imzolandi.
Videokonferensaloqa shaklidagi tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, Koreya xalqaro savdo uyushmasi raisi Kim Yongju, “Koreya – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi kotibiyati bosh kotibi Kim Song-In, Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Kim Gon, shuningdek, elchilar va ishtirokchi davlatlar Savdo palatalari vakillari ishtirok etdi.
– Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Koreya Respublikasi oʻrtasida strategik sheriklik hamda koʻp tomonlama hamkorlikni yuksak baholaydi, – dedi Adham Ikromov. – Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi “Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo ishbilarmonlik kengashi” ishiga har tomonlama koʻmak berishga tayyor.
Uchrashuvda tomonlar Koreya Respublikasi va Oʻzbekiston, shuningdek, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston oʻrtasidagi amaliy va uzoq muddatli hamkorlik choralari hamda iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlikni kengaytirishga Koreyaning ilgʻor tajribasini jalb qilish, yangi qoʻshma korxonalar ochishga hissa qoʻshish masalalarini muhokama qildilar.
Mazkur kengash faoliyatini samarali tashkil etish, kichik va oʻrta biznesda oʻzaro hamkorlik koʻlamini yana-da kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston tomonidan, jumladan, quyidagi takliflar ilgari surildi:
Mamlakatlarimizdagi korxonalar oʻrtasida paydo boʻladigan bahslarni tezkor hal etish maqsadida Markaziy Osiyo va Koreya arbitraj markazlari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish bilan bogʻliq masalalarni hal etish;
Turizm sohasida hamkorlikni faollashtirish, yetakchi turistik kompaniyalar bilan qoʻshma turistik mahsulotlar va dasturlarni birgalikda ishlab chiqish, shuningdek, sayyohlik-infratuzilmaviy loyihalarni hayotga tatbiq etish;
Ishbilarmon doiralarning oʻzaro tashriflarini uyushtirish, kompaniyalar va tadbirkorlarning xalqaro sohaviy koʻrgazmalarda, yarmarkalarda, shuningdek, Markaziy Osiyo va Janubiy Koreyada tashkil etiladigan ishbilarmonlik tadbirlaridagi ishtirokini qoʻllab-quvvatlash.
Muloqot davomida, shuningdek, “B2B” formatidagi muzokaralar, kooperatsion birjalar hamda barcha olti davlat tadbirkorlarini birlashtirish maqsadida “Koreya – Markaziy Osiyo koʻp hamkorlik” biznes forumini tashkil etish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi.
Videokonferensaloqa yakunida “Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo ishbilarmonlik kengashi”ni tashkil etish boʻyicha oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Saidmurod RAHIMOV, Oqil GʻULOMOV (surat), OʻzA
Manba: O'zA