O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Namanganning mehnatkash, faol, ilmli xalqi yaxshi yashashga munosib

2020-06-27 | Siyosat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Namangan shahrida viloyat va tuman hokimlari, soha va tarmoqlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari bilan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda Namangan viloyatida kambagʻallikni qisqartirish, taʼlim muassasalari bitiruvchilarini kasb-hunarga qamrab olish va aholi daromadlarini koʻpaytirish boʻyicha hozirgi ahvol puxta tahlil qilinib, amalga oshiriladigan dolzarb vazifalar belgilab berildi.

Bugungi kunda viloyatda oʻsish nuqtalarini aniqlash va ishga solish, shu orqali aholi farovonligini oshirish olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarning eng muhim sharti hisoblanadi. Prezident bu borada viloyatda tashkil etilishi zarur boʻlgan ishlarga alohida eʼtibor qaratdi.

Jumladan, sanoat, kichik va oʻrta biznes, hunarmandchilik, xizmat koʻrsatish sohalari viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirishning eng muhim drayverlari boʻla oladi. Ushbu sohalar boʻyicha Namanganda katta tajriba bor. Shunga muvofiq, viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali muhtoj oilalarning 12 mingdan ortiq ishsiz aʼzolarini band qilish va yil oxiriga qadar kambagʻal oilalar safidan chiqarish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berildi.

Xususan, savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi 600 ta tadbirkor faoliyatini tiklash orqali 2 mingta xodim ish joyiga qaytadi.

Davlatimiz rahbari tuman va shaharlar kesimida viloyatda xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish va ushbu loyihalar uchun 80 milliard soʻm mablagʻ ajratilishini qayd etdi.

Ushbu mablagʻga qoʻshimcha ravishda yana 100 milliard soʻm ajratiladi. Karantin sharoitida tushumi kamaygan tadbirkorlarni aylanma mablagʻ bilan taʼminlashga 2,3 trillion soʻm, joriy yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga 350 milliard soʻm kreditlar yoʻnaltiriladi.

Viloyatda zargarlik sanoatini rivojlantirish, Namangan shahrida 2 yilda 4 mingta yangi ish oʻrni yaratilgan zamonaviy zargarlik markazi tashkil etish, bu yerda “ustoz - shogird” tamoyili asosida ishsiz yurgan yoshlarni hunarmandchilikka jalb qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.

2020-2021-yillarda Chortoq tumanini kompleks rivojlantirish, hududdagi foydalanilmay yotgan 3 ming gektar yerni oʻzlashtirish va tuproq-iqlim sharoitiga mos ekinlarni joylashtirish choralari koʻriladi.

Viloyatda 2020-2021-yillarda qiymati 16,3 trillion soʻm boʻlgan 1953 ta hududiy loyiha amalga oshirilib, 55 ming yangi ish oʻrni yaratiladi. Shundan joriy yilda umumiy qiymati 8,3 trillion soʻm boʻlgan 1652 ta loyiha hayotga joriy etilib, 35 mingta yangi ish oʻrni tashkil etiladi.

Bugungi kunda Yevropadagi mashhur brendlar Namanganning kostyum-shimlarini tan olmoqda. Shu bois, yirik toʻqimachilik korxonalariga yer ajratilib, viloyatda paxtani chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga oʻtilmoqda.

Prezident paxta-toʻqimachilik klasterlari ushbu eʼtiborga munosib harakat qilishi, koʻproq daromad olib, odamlarni ish bilan taʼminlashi zarurligini taʼkidladi.

Viloyatda quyonchilik, asalarichilik, chorvachilik, parrandachilik boʻyicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish belgilandi. Xususan, Namangan tumanida 4806 ta xonadonda issiqxonalar tashkil etish, yil oxirigacha chorvachilik yoʻnalishida qiymati 386 milliard soʻm boʻlgan 84 ta loyihani amalga oshirishni yakunlash topshirildi.

Bunda chetdan 13 ming bosh naslli qoramol, 13 ming bosh joʻn yoʻnalishidagi echki va shuncha qoʻy olib kelinib, Pop va Chust tumanlaridagi xonadonlarga tarqatiladi. Yillik quvvati 10 ming tonna sut va ming tonna goʻshtni qayta ishlash boʻyicha yangi quvvatlar ishga tushiriladi.

Yigʻilishda uy-joy, infratuzilma qurilishi, aholini ichimlik suv bilan taʼminlash, taʼlim, madaniyat sohalarini rivojlantirish, inqirozga qarshi xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb qilish, yangi korxonalarni barpo etish boʻyicha investitsiya loyihalarini koʻpaytirish, eksportni kengaytirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Namangan viloyati nufusi yildan-yilga kengayib bormoqda. Bu esa hududni demografik boshqarish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda qiyinchilik tugʻdirmoqda. Shu munosabat bilan Prezidentimiz Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumanini qayta tashkil etishni taklif qildi.

– Namanganning faol, mehnatkash, ilmli xalqi yaxshi yashashga munosib. Buning uchun davlatimiz barcha imkoniyatlarni ishga soladi, – dedi pirovardida Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirda Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar, iqtisodiyot tarmoqlari mutasaddilari, hokimlar hisoboti eshitildi.

Manba: O'zA

Поделиться