2020-yil 25-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi va Italiya Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investision va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasining Italiyadagi elchixonasi va Italiya-O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda o‘zbek-italiya (farmatsevtika sohasida) videokonferensaloqa shaklidagi biznesi forum tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov, Italiya-O‘zbekiston savdo palatasi prezidenti Luidji Iperti, O‘zbekistonning Italiya Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Otabek Akbarov, Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariev, shuningdek SSP mintaqaviy boshqarmalari vakillari hamda farmasevtika sohasida faoliyat yuritayotgan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirok etdilar.
Ta'kidlash joizki, ushbu videokonferensiya joriy yilning 14-may kuni bo‘lib o‘tgan videomuloqotning mantiqiy davomi bo‘lib, unda O‘zbekiston va Italiya farmatsevtika kompaniyalari ishtirokida qo‘shma biznes-forum o‘tkazishga kelishib olingan edi. Shuningdek, 2019-yil 21-noyabrda gubernator A.Fontan boshchiligidagi Lombardiya viloyati delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurib, ushbu tashrif doirasida “B2B” kooperatsion birjasi va O‘zbekiston-Italiya biznes forumi tashkil etilgan edi.
2019-yil yakunlariga ko‘ra mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 402,3 million AQSh dollarini tashkil etdi (2018 yilga nisbatan (303,2 million), o‘sish 32 foizga), bunda eksport 26,6 million dollarni import hajmi esa 375,7 million dollar tashkil qildi.
Eksport tarkibiga asosan xizmat ko‘rsatish, matolar va kalava iplar, paxta va quritilgan mevalar kirib, import nomenklaturasiga mexanik va elektr jihozlari, avtomobil qismlari, plastmassa buyumlar, farmasevtika va to‘qimachilik mahsulotlari, shuningdek qurilish materiallari kiradi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda Italiya sarmoyasi ishtirokidagi 50 ta korxona faoliyat yuritmoqda, ulardan 14 tasi 100% Italiya kapitali asosida ishlaydi. Alkogolsiz ichimliklar, vino, shisha idishlar, atirlar, muzqaymoq, trikotaj buyumlar, xalq iste'moli mollari, paxta chiqindilarini qayta ishlash, savdo va vositachilik xizmatlari mazkur korhonalarning asosiy faoliyat yo‘nalishlari hisoblanadi.
Videokonferesiya davomida farmatsevtik mahsulotlarni ishlab chiqarish sohasida mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan tajriba almashish va o‘qitish, shuningdek, o‘zbek mahsulotlarini Yevropa bozoriga eksport qilish maqsadida farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuvda farmatsevtika sohasi bilan shug‘ullanuvchi Italiyaning yetakchi kompaniyalari vakillarining bir qator taqdimotlari o‘tkazildi.
Ikki mamlakat vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ushbu videokonferensiya doirasida O‘zbekiston-Italiya savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan, O‘zbekiston va Italiya farmatsevtika kompaniyalari o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.