Milliy matbuot markazida pandemiya davrida uy-joy qurish va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun yer uchastkalarini olish tartibi masalalariga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mutaxassislar sohada amalga oshirilayotgan ishlar, aholiga yaratilayotgan qulayliklar boʻyicha atroflicha maʼlumot berdi.
Pandemiya va oʻrnatilgan karantin cheklovlari tadbirkorlar va aholining elektron davlat xizmatlaridan koʻproq foydalanishiga turtki boʻldi. Tahlillarga koʻra, joriy yilning 4 oyi davomida foydalanilgan davlat xizmatlari oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 15,5 foizga ortgan. Shu qatorda, yer uchastkalarni tadbirkorlik maqsadlari uchun ajratish sohasi ham bundan chetda qolmadi.
Hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh turgan yer uchastkalari tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun doimiy foydalanishga berilmoqda.
Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun boʻsh yer uchastkalarini ajratish boʻyicha Davergeodezkadastr qoʻmitasi tomonidan joriy etilgan “YER ELEKTRON”, “E-KADASTR.UZ”, “E-IJRO AUKSION” axborot tizimlari orqali 2020-yil yanvar-mart oylarida 7 ming 79 ta boʻsh yer uchastkasi xatlovdan oʻtkazilib, 1 ming 410 ta yer uchastkasi auksion savdolariga qoʻyilgan. Shundan 19 tasi sotilgan. Ushbu savdodan tushgan tushum 1,9 milliard soʻmni tashkil etadi.
Karantin davri, yaʼni 2020-yilning aprel-iyun oylarida 5 ming 674 boʻsh yer uchastkasi xatlovdan oʻtkazildi. 3 ming 742 ta yer uchastkasi auksion savdolariga qoʻyilib, 901 tasi sotildi. Oʻz navbatida, mazkur savdodan tushgan tushum 15,4 milliard soʻmni tashkil etadi. Shuningdek, ushbu davrda E-KADASTR.UZ portaliga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 1 ming 473 ta yer uchastkasini onlayn-auksionga qoʻyish boʻyicha takliflar berilib, ularning 660 tasi fuqarolar tomonidan tanlangan yerlardir. E-IJRO AUKSIONda sotib olingan yerlarning 91 foizi jismoniy shaxslarga toʻgʻri keladi. Qolgani yuridik shaxslar tomonidan sotib olingan.
Bu turdagi auksion orqali yer-mulk sotib olishning qulayligi, ortiqcha toʻsiqlar yoʻqligi va vaqt ketmasligi aholiga maʼqul boʻlmoqda.
Tadbirda bu borada aholining huquqiy ongini oshirish maqsadida qoʻmita tomonidan turli ijtimoiy videoroliklar, infografik materiallar tayyorlab borilayotgani aytib oʻtildi. Kadastr sohasida olib borilayotgan islohotlar keng ommaga yoritilsa, kelib chiqayotgan korrupsion holatlarni kamayishiga sezilarli taʼsir koʻrsatishi qayd etildi.
Manba: O'zA