O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mehmon uylari haqida hammasi: O‘zbekiston CBT turizm targ‘iboti uchun maxsus sayt ishlab chiqildi
2020-06-16 | Turizm
CBT (Community Based Tourism) ichki va tashqi turizmni rivojlantirish yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, nisbatan yangi va istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi.
Yevropa Ittifoqining “Markaziy Osiyoda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish uchun agro va ekoturizmni biznes uyushmalar orqali kuchaytirish” loyihasini samarali amalga oshirish maqsadida yurtimizda O‘zbekiston CBT turizmining marketing targ‘ibotiga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar kompleksi ishlab chiqildi. Tayyorlangan axborot mahsulotlari ko‘lami keng bo‘lib, bular logotip, veb-saytlar, lug‘atlar va oilaviy mehmon uylari egalari uchun qo‘llanmalardan iboratdir. O‘zbekiston CBT (Community Based Tourism – Hamjamiyatlarga asoslangan turizm) reklama targ‘iboti uchun maxsus www.cbtuzbekistan.uz sayti ishlab chiqildi, unda oilaviy mehmon uylari haqida batafsil maʼlumot va ularning joylashuviga oid interfaol xarita mavjud.
Isteʼmolchilar uchun qulay logistika hamda sayt ekotizimi O‘zbekistonning qishloq joylarida dam olish uchun eng munosib variantni topish imkonini beradi. Sayt O‘zbekiston Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi (XSTU) tomonidan ishlab chiqilgan va yuritiladi. Foydalanuvchilar qulayligi uchun www.cbtuzbekistan.uz saytida oilaviy mehmon uylaridan tashqari, mamlakatning yetakchi operatorlari tomonidan ishlab chiqilgan CBT-marshrutlar ham joylanadi. “Muayyan joy bo‘yicha jozibador imij va qiziqarli marshrutlarning mavjudligi alohida bir hududda raqobatbardosh turistik sektorning shakllanish imkonini yaratadi. Biroq hududning turistik salohiyatini kashf qilishning o‘zigina yetarli emas.
Zamonaviy dunyoda eng muhimi turistik resurslarning to‘g‘ri ommalashtirilishidir. Shunday ekan, www.cbtuzbekistan.uz saytining missiyasi shu muhim vazifani yechishdan iboratdir”, - deydi XSTU raisi Gulchehra Isroilova. Shuningdek, O‘zbekiston CBT turizmini targ‘ib qilish maqsadida oilaviy mehmon uylarining logotipi ishlab chiqildi, bu mamlakat qishloq xo‘jalik turizmi ramzini shakllantirish imkonini beradi.
Asosiy vazifa O‘zbekistonning mehmondo‘stligi hamda CBT turizm yo‘nalishini aks ettiruvchi Hospitality Uzbekistan uslubini ishlab chiqishdan iboratdir. Maʼlumot uchun: O‘zbekiston Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi turoperatorlar, mehmonxona biznesi va mehmon uylari vakillarini birlashtiradi. XSTUning vazifasi O‘zbekistonning turizm sohasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan saʼy-harakatlarni birlashtirib, o‘z aʼzolari va biznesni rivojlantirishdagi hamkorlari manfaati, shuningdek ularning boshqaruv xususiyatlarini rivojlantirishga oid tashabbuslarni ilgari surishdan iboratdir.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi