O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
YXHTning Ekologik-iqtisodiy forumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha uchrashuv to‘g‘risida
2020-06-16 | Xavfsizlik sohasi
2020-yilning 15-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sherzod Asadov Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) 28-ekologik-iqtisodiy forumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ikkinchi uchrashuvda ishtirok etdi. Tadbir videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda YXHT bosh kotibi Tomas Greminger, Birlashgan Millatlar Tashkilotining sanoatni rivojlantirish bo‘yicha tashkiloti bosh direktori Li Yong, xalqaro tuzilmalar va YXHT a’zo davlatlarining vakillari ishtirok etdi.
Innovatsiya, shaffoflikni oshirish va raqamlashtirish jarayonini kengaytirish orqali korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘li bilan YXHT mintaqasida xavfsizlik, barqarorlik va iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.
O‘zbekiston tomoni “Korrupsiyaga qarshi kurashda zamonaviy innovatsion yondashuv – O‘zbekiston tajribasi” mavzusida nutq so‘zladi.
Ma’ruzada O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligi ta’kidlandi. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi choralar samaradorligini oshirish, aholining huquqiy madaniyatini kuchaytirish, davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari va OAV bilan samarali hamkorligini tashkillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.