O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Klinikalarni loyihalashtirishda xorijiy tajribani oʻrganish muhim
2020-06-12 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanidagi “NANO Medical Clinic” koʻp tarmoqli shifoxona faoliyati bilan tanishdi.
Bu zamonaviy klinika mamlakatimizda xususiy tibbiyotni rivojlantirish boʻyicha yaratilgan tizim natijalaridan biri. Oʻtgan yili dekabrda ishga tushirilgan terapevtik binoda maslahat poliklinikasi, 35 oʻrinli statsionar, yadro tibbiyoti, gemodializ va terapiya boʻlimlari, laboratoriya joylashgan. Ushbu kompleks chet el loyihasi asosida barpo etilgan.
Davlatimiz rahbari bu qurilish loyihasiga alohida eʼtibor qaratdi. Har bir metr yerdan oqilona foydalanib, hamma jihatlar hisobga olingani, boshqa obyektlarni loyihalashtirishda buni oʻrganish kerakligini taʼkidladi.
Klinikada endokrinologiya, nevrologiya, kardiologiya, oftalmologiya, urologiya, otorinolaringologiya, ultratovush tashxisi, terapiya, fizioterapiya boʻyicha konservativ davolash yoʻlga qoʻyilgan. Shifo maskani raqamli rentgen, kompyuter tomografiyasi, suyak densitometri, yurak defibrillyatori kabi ilgʻor diagnostika uskunalari bilan jihozlangan. Bu yerda 15 nafar oliy toifali shifokor faoliyat olib bormoqda.
Muhim jihati, klinikada radionuklid tekshiruviga asoslangan yadro tibbiyoti va intervension radiologiya joriy qilingan. Bu turli endokrin va onkologik kasalliklarni aniqlash va davolashda katta samara beradi. Ushbu yoʻnalishlar Atom energetikasi boʻyicha xalqaro agentlik (MAGATE) nazoratida tashkil etilgan. Bundan tashqari, Germaniya, Turkiya, Rossiyadagi yetakchi tibbiy markazlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Klinikada suyak toʻqimasining mineral zichligini aniqlashning diagnostik usuli ham muvaffaqiyatli qoʻllanilmoqda.
Bugungi kunda loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida uch qavatli jarrohlik binosi qurilmoqda. Bu aholiga jahon standartlari darajasida tibbiy xizmat koʻrsatish va yana 60 ta yangi ish oʻrni tashkil etish imkonini beradi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga xususiy tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-apreldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda oʻsha yil 29-dekabrdagi “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yana-da rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratish toʻgʻrisida”gi qarorlari bu boradagi imkoniyatlarni kengaytirdi.
Misol uchun, xususiy klinikalar shugʻullanishi mumkin boʻlgan ixtisosliklar 50 tadan 129 taga koʻpaytirildi. 2022-yil 1-yanvargacha soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berildi.
Natijada 2017-yilda xususiy tibbiyot muassasalari 3 ming 454 tani tashkil qilgan boʻlsa, joriy yil 1-iyun holatiga koʻra, 5 ming 612 taga yetgan. 11 mingdan ortiq ish oʻrni yaratilgan.
Hududlarda zamonaviy klinikalar tashkil etib, tibbiy xizmatlar boʻyicha raqobatni, pirovardida sifatni taʼminlash, aholi salomatligini mustahkamlash yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Manba: O'zA