O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Bojxona maʼmuriyatchiligini isloh etish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida

2020-06-06 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mamlakatimizda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari (keyingi oʻrinlarda – bojxona organlari) faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jahon savdo tashkiloti, Jahon bojxona tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning standartlari va tavsiyalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirishni talab etadi.

Shu bilan birga, “qogʻozsiz va elektron bojxona” lozim darajada rivojlanmayapti, kontrabanda, kontrafakt mahsulotlarni olib oʻtish, korrupsiya, noqonuniy valyuta operatsiyalari va bojxona toʻlovlarini toʻlashdan boʻyin tovlashga qarshi kurashish usullari bojxona maʼmuriyatchiligining zamonaviy va sinovdan oʻtkazilgan usullarini qoʻllashni talab etmoqda.

Bojxona maʼmuriyatchiligini isloh etish, bojxona organlari faoliyatini yana-da takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish, “qogʻozsiz va elektron bojxona”ning mantiqiy davomi va rivojlanishi boʻlgan “raqamli bojxona”ni shakllantirish, shuningdek, bojxona ishi sohasidagi umumeʼtirof etilgan xalqaro norma va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilishni jadallashtirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) bojxona organlari faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirishning quyidagi yoʻnalishlarini oʻz ichiga olgan 2020-2023 yillarda bojxona maʼmuriyatchiligini isloh qilish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda –Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq:

bojxona sohasidagi normativ-huquqiy bazani yana-da takomillashtirish;

mavjud kuch va vositalarni optimal qoʻllagan holda bojxona organlari faoliyati va infratuzilma obyektlarining institutsional asoslarini rivojlantirish;

raqamli iqtisodiyot doirasida zamonaviy va ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini bojxona sohasiga joriy etish orqali bojxona organlari faoliyati shaffofligi hamda samaradorligini taʼminlash;

bojxona organlarining fiskal funksiyalarini amalga oshirishni takomillashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyatni (keyingi oʻrinlarda –TIF) tarif va notarif jihatdan tartibga solishni soddalashtirish;

kontrabanda va bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishiga qarshi kurashish;

bojxona organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasi va mahoratini yana-da oshirish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish;

xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bojxona xizmatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirish;

b) 2020-2023 yillarda bojxona maʼmuriyatchiligini isloh qilish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Quyidagilar “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, bojxona organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari;

xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlar kreditlari (qarzlari), grantlar va texnik koʻmak mablagʻlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

3. Belgilansinki:

a) 2020-yil 1-avgustdan temir yoʻl transporti tashkilotlari oʻzlarining axborot tizimlarini bojxona organlarining axborot tizimlariga integratsiyalash orqali bojxona nazorati ostidagi vagon va konteynerlarning mamlakat ichidagi harakatlari haqidagi maʼlumotlarni bojxona organlariga real vaqt rejimida begʻaraz tarzda taqdim etadilar;

b) 2020-yil 1-sentyabrdan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi chegara bojxona postlarida joriy etiladi;

v) 2020-yil 1-noyabrdan:

shunday tartib oʻrnatiladiki, unga muvofiq bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish vaqti xavf darajasidan kelib chiqib, 3 sutkadan 1 kungacha qisqartiriladi;

bojxona nazoratining muqobil turlarini qoʻllashni kengaytirish orqali tovarlarni bojxona hamrohligida kuzatib borish holatlari qisqartiriladi, qonunchilikda belgilangan holatlar bundan mustasno;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining xavflarni boshqarish tizimi avtomobil chegara bojxona postlarida joriy etiladi;

transport vositalarini vaqtinchalik olib kirishda tashuvchiga real vaqt rejimida elektron shaklda qayta olib chiqish muddati tugashidan oldin vaqtinchalik olib kirish muddatini uzaytirish va tegishli yigʻimni toʻlashni amalga oshirish imkoniyati taqdim etiladi;

“bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimida qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasini identifikatsiyalash va baholash uslubiyati tadbirkorlik subyektining oʻzi tomonidan ishlab chiqiladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklansin:

bojxona nazorati shakli sifatida tovarlar chiqarib yuborilgandan keyin TIF ishtirokchisi faoliyatini baholash hamda ularning tovarlar va transport vositalari chiqarib yuborilgandan keyingi hisobini tekshirishni nazarda tutuvchi bojxona auditini amalga oshirish;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazorati organlarining (keyingi oʻrinlarda – nazorat organlari) TIFni notarif tartibga solish choralarini qoʻllash boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish;

tovarlar importi va eksporti tuzilmasi hamda dinamikasining chuqur holatiy tahlilini, shuningdek, import hajmi ham jismoniy, ham qiymatiy oʻsishining sabablari tahlilini amalga oshirish;

ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalalari boʻyicha manfaatdor idoralar bilan hamkorlik oʻrnatish.

5. Bojxona organlariga quyidagi huquqlar berilsin:

tovar va transport vositalari ustidan ular saqlanadigan va sotiladigan joylarga chiqqan holda, bojxona auditini amalga oshirish;

olib kiriladigan va (yoki) olib chiqiladigan tovarlar va transport vositalari hisobi, jumladan, buxgalterlik hisobi va hisoboti hujjatlari, shuningdek, dastlabki hujjatlar yuritilishi ustidan tekshiruvni amalga oshirish.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tuzilmasida umumiy shtat birliklari doirasida:

a) Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi etib qayta tashkil etilsin va unga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklansin:

tovarlarni bojxona rejimlariga joylashtirish faktini tekshirish;

bojxona yuk deklaratsiyasi va bojxona kirim orderida koʻrsatilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarda qayd etilgan maʼlumotlar bilan taqqoslash va tekshirish;

tovarlarga nisbatan preferensiyalar toʻgʻri qoʻllanilganligi, bojxona toʻlovlari toʻliq undirilganligi, shuningdek, bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va valyutani tartibga solish talablarining buzilish holatlarini aniqlash maqsadida moliya-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq hujjatlarni tekshirish va oʻrganish;

bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha imtiyozlar toʻgʻri qoʻllanilganligi va tovarlarning bojxona qiymati toʻgʻri aniqlanganligini tekshirish;

shartli ravishda chiqarib yuborilgan tovarlarni tasarruf etish boʻyicha cheklovlarga rioya etilishini tekshirish;

tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida taqdim etilgan hujjatlarni tahlil qilish va tekshirish;

TIF tovar nomenklaturasi boʻyicha tovarlarning toʻgʻri tasniflanganligi va bojxona rasmiylashtiruvi toʻgʻri amalga oshirilganligini tekshirish;

bojxona sohasida faoliyat olib boruvchi shaxslar tomonidan bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan majburiyatlarning bajarilishini tekshirish;

bojxona operatsiyalarini amalga oshirishda noqonuniy (“kulrang”) sxemalarni aniqlash va bunday holatlarning oldini olish hamda ularga chek qoʻyish boʻyicha profilaktika ishlarini oʻtkazish;

b) Bojxona ekspertizasi va tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasini yuritish boshqarmasi Tashqi iqtisodiy faoliyatda notarif tartibga solishni nazorat qilish va bojxona ekspertizasi boshqarmasi etib qayta tashkil etilsin va unga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklansin:

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;

nazorat qiluvchi organlar tomonidan TIFni amalga oshirishda ruxsatnoma va boshqa tusdagi hujjatlar olinishi lozim boʻlgan hamda litsenziyalanadigan va kvotalanadigan tovarlarga nisbatan notarif tartibga solish choralari qoʻllashni muvofiqlashtirish;

nazorat qiluvchi organlarning tovarlarni olib kirish va (yoki) olib chiqishda ular tomonidan taqiqlarni qoʻllash boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish;

“Yagona darcha” bojxona axborot tizimini qoʻllash va takomillashtirish uslubiyatlarini ishlab chiqish;

intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestrini yuritish;

eksport nazorati obyektlarining bojxona rasmiylashtiruvi ustidan nazorat qilish uslubiyatini ishlab chiqish va joriy etish.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur Farmonning mohiyati, shuningdek, “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish jarayonini yoritish boʻyicha maqolalar hamda mavzuga oid telekoʻrsatuvlar tashkil etsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi:

a) bir oylik muddatda:

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin;

b) uch oy muddatda bojxona auditi tamoyillari va usullari, audit obyektlarini tanlash usullari va mexanizmi, shuningdek, bojxona auditini oʻtkazish bosqichlarini nazarda tutuvchi Bojxona auditini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3665-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 4-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

       Prezidenti                                                  Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 5-iyun

Поделиться