O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O'zbekiston tashabbusi bilan va BTT shafeligida “Tiklanish yo‘li” xalqaro onlayn turizm konferensiyasi o‘tkaziladi
2020-05-29 | Turizm
2020-yil 1-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashabbusi bilan Butunjaxon turizm tashkiloti (BTT) boshchiligida koronavirus pandemiyasi taʼsiri natijasida turizm sohasiga yetkazilgan zararlarni bartaraf etish, ushbu sohani jadal tiklash va davomiy rivojlantirish masalalarida mamlakatlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va birdam harakatlanish rejalarini muhokama etish maqsadida “Tiklanish yo‘li” xalqaro onlayn turizm konferensiyasi o‘tkaziladi.
Bu to‘g‘risida avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduxakimov va BTT Bosh kotibi Zurab Pololikashvili o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti davomida kelishib olingan edi.
Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari, shuningdek Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Rossiya, Belorusiya va Moldova davlatlarining turizm administratsiyalari rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Mazkur konferensiya ishtirokchilari COVID-19 pandemiyasining turizm sohasiga bo‘lgan salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha samarali chora-tadbir ishlab chiqish yuzasidan o‘zaro fikr va tajriba almashadilar. Shu bilan birga, mazkur davlatlar hukumatlari tomonidan sayyohlik va turizm sanoatining jadal qayta tiklanishi va rivojlanishini rag‘batlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini birlashtirish yo‘llari, pandemiyadan keyingi davrda turistlar uchun qulay va havfsiz sharoitlarni taʼminlash, shuningdek, turistlar oqimini yoshartirish va ko‘paytirish ishlarini tizimli tashkil etish masalalari muhokama qilinadi.