RASMIY BAYONOT: Oʻzbekistonda koronavirusga chalingan 5 nafar bemorning ahvoli ogʻir
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov:
– Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 3396 nafarni tashkil etmoqda. 27-may kuni 32, jami 2668 nafar, yaʼni 81 foiz bemor toʻliq sogʻaygan. Sogʻliqni saqlash vazirligi taqdim etgan maʼlumotga koʻra, shifoxonalarda 714 bemor davolanmoqda, 4 nafarining ahvoli ogʻir, 1 nafarining ahvoli oʻta ogʻir.
Hurmatli yurtdoshlar!
Karantin tadbirlari davom etyapti. 46 mingdan koʻproq fuqaro karantinda boʻlib turibdi. Koronavirus kasalligi boʻyicha epidemik vaziyat jiddiyligicha saqlanib qolmoqda. “Yashil” hududga aylangan Navoiy viloyati hozir “qizil”, kuni kecha esa Buxoro viloyati ham yana “qizil” hududga aylangani, kasallik viloyatga kirib kelgani haqida xabar topdik.
Eng achinarlisi, aholi orasida kasallikka chalinganlar aniqlanyapti. Ularning qayerda, kimdan kasallik yuqtirganini aniqlash imkoni boʻlmayapti. Bu esa kasallikka chalinganlar, kasallik manbai atrofimizda ekanidan dalolat. Har birimiz koʻchaga chiqqandan keyin oilamiz bagʻriga sogʻlom qaytib kelish haqida oʻylashimiz kerak.